Mobil aloqa abonentlariga o`z mobil raqamlarini saqlagan holda o`zlari xohlagan mobil aloqa operatori xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Raqamli texnoolgiyalar vazirligi xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, bugun, 27 oktyabr kuni “ICTWEEK UZBEKISTAN – 2023” axborot-kommunikasiya texnologiyalari haftaligi doirasida O`zbekiston Respublikasi mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini ko`chirish xizmati (MNP) ishga tushirildi.
Xizmatning ishga tushirilishi mamlakatda faoliyat yuritib kelayotgan mobil aloqa operatorlari o`rtasida sog`lom, ijobiy raqobatni yanada kuchaytirish bilan birga ular tomonidan ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatining oshishiga olib keladi.
Uning qulayligi shundaki, endilikda abonentlar mobil aloqa operatorlarining xizmat ko`rsatish sifatiga qarab istalgan kompaniyani tanlashi mumkin.
Bu jarayonda mobil aloqa abonentlariga ular boshqa operatorga ko`chganda o`z abonent raqamini saqlab qolish imkoniyati taqdim etiladi. Bu raqam yo`qotilishining oldini oladi hamda aloqa operatorlari tomonidan raqam resurslaridan yanada oqilona foydalanilishiga xizmat qiladi.
Mobil aloqa abonentlariga o`z mobil raqamlarini saqlagan holda o`zlari xohlagan mobil aloqa operatori xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining taqdim etilayotgani xizmatning eng qulay tomonidir.
Dastlabki bosqichda jismoniy shaxslar o`zi o`tishni xohlagan mobil aloqa operatori ofisiga tashrif buyurgan holda murojaat etadi hamda mobil raqami ko`chirilgan yangi sim kartani olib ketadi.
Hozirgi kunda O`zbekistonda Beeline, Mobi.uz, Ucell, UZTELECOM, Humans kabi 5 ta mobil aloqa operatori faoliyat ko`rsatadi. Ular tomonidan mijozlarga mobil aloqa xizmatlari ko`rsatib kelinmoqda. Agar xizmatdan foydalanib, mobil aloqa operatori o`zgartirilsa, ko`chirilgan raqamlar o`z shaklini va ko`rinishini saqlab qoladi.