1

Shavkat Mirziyoev va Emmanuel Makron Samarqanddagi Kongress markazi bog`ida daraxt ekdi

Siyosat 02.11.2023, 17:47
Shavkat Mirziyoev va Emmanuel Makron Samarqanddagi Kongress markazi bog`ida daraxt ekdi

Samarqanddagi oliy darajadagi muzokaralardan so`ng, Prezident Shavkat Mirziyoev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron O`zbekiston madaniy merosiga bag`ishlangan ko`rgazma bilan tanishdi.

Unda mamlakatimizning 7 ta muzeyidan eksponatlar jamlangan. Xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyati haqida asavvur beruvchi bu nodir ashyolar xronologik ekskursiya tarzida joylashtirilgan.

Ma`lumki, yurtimiz hududi transkontinental aloqalar rivojlanishi bilan savdo, fan, ta`lim, madaniyat va me`morchilik markaziga aylangan. Qadimiy yodgorliklarda ko`plab madaniyatlar – turkiy, forsiy, yunon-baqtriya, arab, hind, xitoy va boshqa xalqlar qadriyatlarining izlari bor. Qiziqarli namoyish tomoshabinga eksponatlarning nafisligini, madaniy va tarixiy ahamiyatini tushunishga yordam beradi hamda mamlakatimiz bo`ylab sayohat qilish istagini uyg`otadi.

Ko`rgazma 3 ta bo`limdan iborat. Birinchi bo`lim qadimgi davlatlar davri, madaniyatlarning Ipak yo`li orqali tarqalishi, Kushonlar imperiyasi haqida bo`lib, haykalchalar, tilla buyumlar va tangalar namoyish etilgan. Ularning ayrimlari O`zbekiston va Fransiya olimlarining birgalikdagi ekspedisiyasida topilgani diqqatga sazovor.

Ikkinchi bo`lim qadimgi va o`rta asrlarda san`at va madaniyatning gullab-yashnashi, yo`llar va karvonlar mavzusi bilan tanishtiradi.

Uchinchi bo`lim Reneseans va temuriylar davrida Markaziy Osiyoda islom dinining tarqalishi, madaniyat va ilm-fan rivojlanishi haqida. Bu erda mehmonlar Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug`bek va Alisher Navoiy kabi ulug` allomalarning qo`lyozmalari bilan tanishishi mumkin. Bu bo`lim buyuk hukmdor Amir Temur siymosi atrofida tashkil etilgan bo`lib, unda o`sha davrga oid bezak buyumlari va Fransiya qirolining Sohibqironga yo`llagan maktubi taqdim etilgan.

Ko`rgazma Fransiya Prezidenti va delegasiya a`zolarida katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, davlat rahbarlari mamlakatlarimizni yanada yaqinlashtirish va xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlikni mustahkamlashga qat`iy intilish belgisi sifatida Samarqanddagi Kongress markazi bog`ida daraxt ekdilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1