“O`zbekiston temir yo`llari” joriy yilning 9 oyi davomida aksiyadorlik jamiyatining ijtimoiy–iqtisodiy faoliyati yakunlari va kelgusidagi rejalariga bag`ishlab matbuot anjumani o`tkazdi. Unda kompaniya rahbariyati, boshqarma boshliqlari hamda tarmoq korxona va tashkilotlari rahbarlari shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda kompaniya tomonidan temir yo`l sohasida belgilangan asosiy vazifalar bajarilganligi ta`kidlandi. Jumladan, aksiyadorlik jamiyatining temir yo`l stansiyalaridan 2016 yilning yanvar–sentyabr oylarida 50,5 mln. tonna yuk ortilib, o`z manziliga etkazildi. Yuklarni ortish hajmi sutkasiga 184,5 ming tonnani yoki o`tgan yilning shu davriga nisbatan 100,2 foizni tashkil etdi. Qayd etib o`tilgan tashishlarni amalga oshirish hisobiga 9 oyda yuk aylanmasi hajmi 13,68 mlrd. tonna/km.ni tashkil etdi. Shuningdek, o`tgan 9 oyda yo`lovchi tashish borasida ham kutilgan natijalarga erishilib, belgilangan reja 102,9 foizga bajarildi. Yil boshidan buyon 15,8 mln. yo`lovchi o`z manziliga etkazib qo`yildi.
Kompaniyada eksport xizmatlariga ham alohida e`tibor qaratildi. Jumladan, hisobot davrida 275,7 mln. AQSh dollari miqdorida eksport xizmatlari ko`rsatildi. Bu o`tgan yil hisobotiga nisbatan 105,2 foizni tashkil etdi. Joriy yilning 9 oyida kompaniyaning sanoat korxonalarida 312,8 mlrd. so`mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Kompaniya tomonidan 2214 ta yangi ish o`rin tashkil qilindi.
O`zbekiston Respublikasining investisiya dasturiga muvofiq kompaniyaning moliyalashtirish manbalari hisobidan 673,66 mln. dollar miqdorida kapital mablag`lar o`zlashtirilib, davr prognozi 100,1 foizga bajarildi.