AsosiySiyosat

Jenevada O`zbekistonning inson huquqlari bo`yicha navbatdagi hisoboti taqdim etildi

'Jenevada O`zbekistonning inson huquqlari bo`yicha navbatdagi hisoboti taqdim etildi'ning rasmi

6-17 noyabr kunlari Jenevada BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining Universal davriy sharhi (UDSh) bo`yicha ishchi guruhining 44-sessiyasi bo`lib o`tmoqda.

O`zbekiston 2023 yil 8 noyabrda o`zining to`rtinchi hisobotini taqdim etdi. 44-sessiyada O`zbekiston bilan bir qatorda 13 davlat: Ozarbayjon, Bangladesh, Burkina-Faso, Kabo-Verde, Kamerun, Kanada, Kolumbiya, Kuba, Jibuti, Germaniya, Rossiya, Turkmaniston va Tuvaluning ma`ruzalari ko`rib chiqildi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston hisobotlari UDShning birinchi, ikkinchi va uchinchi sharhlarida mos ravishda 2008 yil dekabr, 2013 yil aprel va 2018 yil may oylarida ko`rib chiqilgan.

UDShning navbatdagi sessiyasida ishtirok etgan O`zbekiston delegasiyasiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov boshchilik qildi. Delegasiya tarkibiga, shuningdek, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar masalalari va gender tengligi qo`mitasi a`zosi Gulnora Marufova, Oliy sud raisi o`rinbosari Ikrom Muslimov, ichki ishlar vaziri o`rinbosari Yahyojon Abdulxaqov, sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Elmira Bositxonova, shuningdek, TIV va O`zbekistonning BMTning Jenevadagi doimiy vakolatxonasi vakillari kiritildi.

Tadbir davomida xalqaro hamjamiyat e`tiboriga O`zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va rag`batlantirish borasida amalga oshirilayotgan salmoqli sa`yi-harakatlar, jumladan, qonunchilik, ma`muriy va sud-huquq tizimidagi islohotlar xalqaro hamjamiyat e`tiboriga havola etildi.

O`zbekiston hisoboti bo`yicha yig`ilishda 84 davlat so`zga chiqdi va 244 ta tavsiya berildi.

BMTga a`zo davlatlar O`zbekiston hukumatiga UDSh bo`yicha ishchi guruhi yig`ilishiga jiddiy tayyorgarlik ko`rgani, batafsil milliy ma`ruza, inson huquqlari masalalarining ayrim jihatlari bo`yicha qo`shimcha ma`lumotlar va BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashi bilan muloqotga yuborilgan yuqori darajadagi delegasiya uchun minnatdorlik bildirdi.

So`zga chiqqan delegasiyalarning aksariyati O`zbekiston tomonidan 2013 va 2018 yillardagi oldingi UDSh davrlarida qabul qilingan tavsiyalarni amalga oshirish hamda IHK bilan ochiq va konstruktiv muloqotni rivojlantirish bo`yicha ko`rilgan choralarni yuqori baholadi.

O`zbekistondagi asosiy erkinliklar va inson huquqlari kafolatlangan konstitusiyaviy islohot qator davlatlar vakillari tomonidan olqishlandi. Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va «O`zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan vazifalar mamlakatimizning inson huquqlarini ilgari surish va ta`minlash, bu boradagi xalqaro majburiyatlarini bajarishga sodiqligini namoyon etayotgani alohida ta`kidlandi.

Shu bilan birga, O`zbekistonning BMTning inson huquqlari bo`yicha tuzilmalari bilan hamkorligini yanada rivojlantirish va kengaytirish borasidagi sa`y-harakatlari qo`llab-quvvatlandi. Bunga 2023 yil mart oyida BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Folker Tyurkning O`zbekistonga tashrifi yorqin misol bo`la oladi. O`zbekistonning UDSh, BMT shartnoma organlari va IHKning maxsus tartiblari bo`yicha Ishchi guruhi tavsiyalarini amalga oshirish bo`yicha milliy harakatlar rejalari va dasturlari strategiyalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish tajribasi alohida e`tiborga loyiq deb topildi.

IHKga a`zo mamlakatlar, shuningdek, O`zbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish, ayniqsa, paxta terimi, odam savdosiga qarshi kurash borasidagi yutuqlarini ham ijobiy baholadi.

Bundan tashqari, so`z va OAV erkinligini ta`minlash, bolalar huquqlarini himoya qilish, onalar va bolalar o`limini kamaytirish, inson huquqlari bo`yicha uzluksiz ta`lim tizimini yaratish, ayollar huquqlari va gender tengligini ta`minlash, ayollarga nisbatan zo`ravonlikning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurash, huquqbuzarliklarga qarshi kurash bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlarning samarali natijalari e`tirof etildi.

Ko`plab delegasiyalar O`zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, tadbirkorlar imkoniyatlarini kengaytirish va ularning huquqlarini himoya qilish borasidagi sa`y-harakatlarini, jumladan, Biznes-ombudsman instituti orqali aholi farovonligini oshirish, qishloq va shaharlar o`rtasidagi tafovutni qisqartirish, ta`lim va sog`liqni saqlash sohalarini har tomonlama qamrab olishga qaratilgan ishlarni ijobiy baholadi.

Sessiya ishtirokchilari O`zbekiston  hukumatining imkoniyati cheklangan fuqarolar huquqlarini ta`minlash va ularga zarur sharoitlarni kengaytirishga qaratayotgan e`tiborini hamda «Nogironlar huquqlari to`g`risida»gi Konvensiyaning ratifikasiya qilinganini olqishladilar.

Ta`kidlash joizki, UDSh platformasi jahon hamjamiyatiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, inson huquqlari masalalariga ixtisoslashgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini inobatga olgan holda xolis ma`lumotlarni etkazishning noyob imkoniyatidir.

IHKga a`zo davlatlar va UDSh sessiyasining barcha ishtirokchilariga  «O`zbekiston: inson huquqlari sohasidagi taraqqiyot» ma`ruzasi, Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, «O`zbekiston–2030» strategiyasi risolalari va boshqa materiallar tarqatildi.

2023 yil 10 noyabr kuni O`zbekistonning UDSh bo`yicha to`rtinchi ma`ruzasini eshitish yakunlari yuzasidan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar