Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) COVID-19 infeksiyasini yuqtirmaslik uchun niqob taqish va ijtimoiy masofani saqlashga qaytishni maslahat bermoqda. 5 yanvar kuni JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus Twitter’da (X) joylagan postida ehtiyot bo`lishga chaqirdi.
“COVID-19, gripp va boshqa patogenlar keltirib chiqaradigan nafas yo`llari kasalliklari ko`plab mamlakatlarda bir necha hafta davomida o`sib bormoqda va so`nggi bayramlardan keyin ham davom etishi kutilmoqda.
Testdan o`ting va agar zarur bo`lsa, yordam so`rang, chunki COVID-19 ni davolash og`ir kasallik va o`limning oldini olishi mumkin. Ta`sirni kamaytirish uchun niqoblardan foydalanish, xonalarni shamollatish va masofa saqlashni davom ettiring, o`zingiz va yaqinlaringiz COVID-19 hamda grippga qarshi emlaning”, — deb tavsiya qildi Gebreyesus.






