1

Saudiya Arabistoni kompaniyalari «Sirdaryo – Baxt» aylanma yo`lini qurish imkoniyatlarini o`rganmoqda

Iqtisodiyot 08.01.2024, 10:01
Saudiya Arabistoni kompaniyalari «Sirdaryo – Baxt» aylanma yo`lini qurish imkoniyatlarini o`rganmoqda

O`zbekiston Avtomobil yo`llari qo`mitasida Saudiya Arabistonining «AL BAWAN» va «SAJCO» kompaniyalari vakillaridan iborat delegasiya bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. 

Qo`mita ma`lumotiga ko`ra, uchrashuvda O`zbekiston bilan hamkorlik qilish istagida bo`lgan xorijiy kompaniya vakillari o`z faoliyat yo`nalishi haqida ma`lumot berdi. Qayd etish kerakki, yo`l qurilishi sohasida faoliyat olib boruvchi har ikkala kompaniya moliya, yo`l qurilishini loyihalashtirish, asbob-uskunalar ishlab chiqarish, suv to`g`onlari, kasalxona va aeroport qurilishi kabi bir qancha yo`nalishlar bo`yicha xalqaro loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Avtomobil yo`llari qo`mitasiga tashrifning asosiy maqsadi «Toshkent — Termiz» yo`nalishidagi M39 avtomobil yo`lining umumiy uzunligi 38 km bo`lgan «Sirdaryo — Baxt» aylanma yo`lini qurish bo`yicha muzokaralar olib borishdan iborat bo`lib, har ikki tomon ushbu loyihani amalga oshirish bo`yicha o`z taklif va fikrlarini o`rtaga tashladi.

Muloqot jarayonida ushbu loyihani amalga oshirish uchun mahalliy infratuzilmani o`rganish hamda yo`lning necha tasmali bo`lishi va tezlik miqdorini belgilash muhim ekani ta`kidlandi.

Saudiya kompaniyalari mutasaddilari Sirdaryo viloyatiga jo`nab ketdi. Sirdaryoga tashrif davomida «Toshkent - Termiz» yo`nalishidagi M39 avtomobil yo`lining umumiy uzunligi 38 km bo`lgan «Sirdaryo - Baxt» aylanma yo`lini qurish uchun mahalliy infratuzilma o`rganilmoqda.

Saudiya Arabistonining «AL BAWAN» yirik qurilish kompaniyasi o`z faoliyatini 1991 yildan boshlagan va 250 dan ortiq katta loyihalarni amalga oshirgan. Kompaniya 10 mingdan ortiq ishchiga ega.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1