Qayd etilishicha, futbolchi AQShda o‘tkazilayotgan yig‘in davomida bel qismidagi og‘riqlar sabab so‘nggi mashg‘ulotlarda hamda Kanada va Niderlandiya terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushmagan.
O‘FA ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Masharipovda bel qismida og‘riqlar kuzatilgan. Dastlab dori-darmon va fizioterapiya muolajalari orqali uning ahvoli yaxshilangan. Biroq keyinchalik og‘riqlar yana qayta boshlangan.
O‘tkazilgan magnit-rezonans tomografiyasi (MRT) tekshiruvi natijalari futbolchida avval kuzatilgan umurtqalararo disk churrasi qayta hujum qilganini ko‘rsatgan.
Ayni vaqtda Jaloliddin Masharipovning holati Milliy terma jamoa tibbiy shtabi tomonidan nazoratga olingan. O‘FAning bildirishicha, yakuniy tibbiy xulosalar olingach, jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
Ma’lumot uchun, Jaloliddin Masharipov O‘zbekiston milliy terma jamoasining yetakchi futbolchilaridan biri hisoblanadi va uning ehtimoliy uzoq muddatli yo‘qotilishi jamoa uchun jiddiy muammo bo‘lishi mumkin.






