Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 6 mingdan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, keyingi vaqtlarda an’anaviy giyohvand moddalarga nisbatan arzonroq bo‘lgan sintetik narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasi ortib bormoqda. Ushbu vositalar asosan qo‘shni davlatlardan noqonuniy yo‘llar orqali olib kirilib, yashirin tarzda sotilayotgani qayd etilgan.
Tezkor tadbirlardan biri davomida Farg‘ona shahrida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan fuqaro kelgusida sotish maqsadida o‘z uyida 3580 dona "Regapen" kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini saqlayotgani aniqlangan. Mazkur dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi "Lasetti" rusumli avtomobil "Qo‘qon—Toshkent" yo‘nalishida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatib tekshirilgan. Tekshiruv jarayonida transport vositasi saloniga yashirilgan 2520 dona «Regapen» dori vositasi aniqlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Andijon shahrida noqonuniy faoliyat yuritgan dori vositalari ishlab chiqarish sexi fosh etilgani haqida xabar berilgan edi.






