Ijtimoiy tarmoqlarda “Paynet” shahobchasida plastik kartaga pul tushirib, lekin naqd pulni bermasdan qochib ketayotgan shaxsning videosi tarqalib turli muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan o`tkazilgan o`rganishlar jarayonida quyidagilar aniqlandi.
Joriy yilning 3 yanvar kuni 1993 yilda tug`ilgan Xusanov Kamron Xisrav o`g`li Olmazor tumanidagi “Paynet” shahobchasiga kirib, plastik kartasiga 682.000 so`m miqdoridagi pulni o`tkazishni so`ragan. Aytilgan pul miqdori plastik kartasiga tushirilgandan so`ng, K.Xusanov naqd pulni to`lamasdan shahobchadan qochib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi (“Talonchilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
"Hurmatli fuqarolar agar Siz ushbu shaxsdan jabr ko`rgan bo`lsangiz yoki uning jinoiy xatti-harakatlari bo`yicha ma`lumotlarga ega bo`lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-49-44, 71-206-46-35 yoki 102 raqamlariga murojaat qilishingizni so`raymiz",–deyiladi xabarda.






