Yanvar oyi boshida Yaponiya g`arbidagi prefekturalarida sodir bo`lgan kuchli zilzila oqibatida qurbon bo`lgan va jarohatlanganlar orasida O`zbekiston fuqarolari yo`q, deb xabar bermoqda "Dunyo".
O`zbekiston diplomatlari Yaponiyaning tegishli idoralari bilan doimiy aloqada bo`lib turibdi.
"Rossiyaning "Novosti" axborot agentligi ma`lumotiga ko`ra, bugungi kunda Yaponiyada 1 yanvar kuni sodir bo`lgan zilzila oqibatida qurbon bo`lganlar soni 168 nafarga etgan, 323 kishi esa bedarak yo`qolgan", - deyiladi xabarda.
Avvalroq 161 kishi halok bo`lgani, 103 nafar kishi esa bedarak yo`qolgani haqida xabar berilgan edi. Yaponiyaning Vadzima shahri rahbariyati 281 kishining qaerdaligi va xavfsizligini tasdiqlay olmagani sababli bedarak yo`qolganlar soni ortdi.
Yaponiyaning g`arbiy qismidagi Noto yarim oroli hududida yangi yilning birinchi kunida kuchli zilzilalar ro`y berdi. Eng kuchli er qimirlashi 7,6 ballni tashkil qilgan. 2011 yildan beri birinchi marta Yaponiyaning butun g`arbiy qirg`oqlariga yirik sunami xavf soldi.
Sohilning ba`zi joylarida to`lqin balandligi 4,2 metrga etgan. Oqibatda 1370 dan ortiq uylar qisman yoki butunlay vayron bo`ldi, odamlar vayronalar ostida qolgan bo`lishi mumkin.