Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi “Arzon dorixona” MChJga qarashli dorixona lisenziyasi bekor qilindi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, fuqaroning mazkur dorixona haqidagi murojaati farmasevtika faoliyatini lisenziyalash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o`rganib chiqilgan.
Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi “Arzon dorixona” MChJga tegishli dorixonada tekshiruv o`tkazilganda 25 turdagi dori vositasi tibbiyot amaliyotida qo`llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat ro`yxatidan o`tmaganligi hamda ushbu dori vositalarining muvofiqlik sertifikati mavjud emasligi aniqlangan. Yuqoridagi holat bo`yicha, Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan da`vo arizasi — “Arzon dorixona” MChJga 2020 yil 9 sentyabr kuni berilgan 1010-sonli lisenziyani bekor qilish to`g`risidagi so`rovi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi. Hamda “Arzon dorixona” MChJga berilgan lisenziya bekor qilindi, — deyiladi mas`ullar izohida.
Mas`ul tashkilotning eslatishicha, “Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to`g`risida”gi qonunning 20-moddasiga muvofiq sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O`zbekiston Respublikasida ro`yxatdan o`tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O`zbekiston Respublikasida ro`yxatdan o`tkazilgan dori vositalarining g`ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizasiya qilish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.






