Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “tug`ilishlar statistikasidagi qarama-qarshiliklar” mavzusi muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Holatga Adliya vazirligi matbuot xizmati oydinlik kiritdi.
Ma`lum qilinishicha, Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning 4 yanvar kuni 2023 yil davomida FHDYo organlari tomonidan qayd etilgan tug`ilishlar soni yuzasidan statistik ma`lumotlar e`lon qilingan.
Mazkur ma`lumotlardagi tug`ilishlar soni 2022 yilga nisbatan “ko`paygan” so`zi texnik xatolik sababli “kamaygan” so`ziga almashib qolgan. Hozirda ushbu xatolik bartaraf etildi.
“Shuningdek, ta`kidlash joizki, Adliya vazirligi va Statistika agentligi tug`ilishlar bo`yicha bitta manbadan foydalanadi. Adliya vazirligi tomonidan FHDYo organlari tomonidan bir yil davomida qayd qilingan jami tug`ilishlar ma`lumotlari yuritilsa, Statistika agentligi faqatgina tirik tug`ilgan bolalar soni haqidagi ma`lumotlarni e`lon qilib boradi.
Adliya vazirligi ushbu xatolikni aniqlashda yordam bergani uchun jamoatchilikka o`z minnatdorchiligini bildiradi hamda ular bilan hamisha hamkorlik qilishga tayyorligini ma`lum qiladi“, - deyiladi rasmiy munosabatda.






