AsosiyJamiyat

O`zbekistonda raqamli xaritasi yaratilgan daraxtlar soni 250 millionga etdi

'O`zbekistonda raqamli xaritasi yaratilgan daraxtlar soni 250 millionga etdi'ning rasmi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi 254 milliondan ortiq daraxtning koordinatalari aniqlanib, raqamli xaritasi yaratilganini e`lon qildi.

Prezident farmoniga ko`ra ayni paytda respublikadagi barcha daraxtlar raqamlashtirilib, xatlovdan o`tkazilmoqda. Toshkent shahrida esa sinov tariqasida daraxtlar pasportlashtiriladi.

Daraxtlarni pasportlashtirish 3 bosqichda amalga oshiriladi:

  1-bosqichda aerokosmik tasvirlar va dasturiy vositalardan foydalangan holda mavjud daraxtlar to`liq xatlovdan o`tkaziladi;

  2-bosqichda xatlov natijasiga ko`ra aniqlangan daraxtlarning turi, yoshi, bo`yi, holati va joylashuv koordinatasini aks ettiruvchi ma`lumotlar bazasi shakllantiriladi;

  3-bosqichda ma`lumotlar bazasi asosida “Yashil makon” elektron platformasida har bir daraxtga pasport shakllantiriladi va ID raqam beriladi.

Vazirlikning bildirishicha, 1-bosqich doirasida barcha viloyatlardagi yashil qoplam maydoni aniqlandi. Bunda hududlardagi barcha daraxtlar va butalarning maydoniga, sun`iy yo`ldoshlar orqali olingan fotosuratlardan foydalanib, geoaxborot tizimi orqali ishlov berildi.

Bundan tashqari, vazirlik huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti bilan birga sun`iy yo`ldoshdan olingan kosmik suratlar, masofadan zondlash, geoaxborot tizimlari hamda sun`iy intellekt texnologiyalari yordamida O`zbekistondagi barcha daraxtlar xatlovdan o`tkazilib, joylashuv koordinatalari, soni aniqlandi hamda raqamli xaritasi yaratildi. Bunda AQSh, Kanada, Xitoy, Hindiston, Avstraliya, Rossiya, Germaniya va Yaponiya kabi davlatlarning tajribalari o`rganildi.

Daraxtlarning sanog`ini amalga oshirishda 5 yoshdan yuqori bo`lgan daraxtlar hisobga olindi. Mazkur tadqiqot ishlari O`zbekiston hududidagi barcha viloyatlar va tumanlar kesimida amalga oshirildi. Jami 254 million 162 ming 505 dona daraxtning koordinatalari aniqlanib, raqamli xaritasi yaratildi.

Shu bilan birga, 2 va 3-bosqichlarda xatlov ishlari inspektorlar tomonidan joyiga chiqqan holda amalga oshirilmoqda. Bunda “Yashil makon” elektron platformasi takomillashtirilib, daraxtlar xatlovi bo`yicha daraxtlar reestri tizimi joriy etildi. Ushbu tizim orqali maxsus planshetlar yordamida daraxtlarning turi, diametri, holati, koordinatasi, fotosi va mas`ul tashkilot to`g`risidagi ma`lumotlar kiritilib borilmoqda.

Hozirgi kunda respublika bo`yicha jami 200 mingdan ortiq daraxtlar xatlovdan o`tkazilib, ma`lumotlar elektron platformaga kiritildi.

    Boshqa yangiliklar