AsosiyJamiyat

Pensiya tayinlashda mahkumlarning ham ish staji hisobga olinishi mumkin

'Pensiya tayinlashda mahkumlarning ham ish staji hisobga olinishi mumkin'ning rasmi

Senatning Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi Ishchi guruh majlisida ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan o`zgartirish va qo`shimchalar kiritishga doir qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Senatorlar mamlakatda keksalarni va mehnatga layoqatsiz shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganligi, jumladan, pensiya tayinlash tartib-taomillari soddalashtirilayotganligiga alohida e`tibor qaratdilar.

Muhokama qilinayotgan qonun bilan «Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida»gi Qonunga ham qator o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilmoqda. Xususan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o`tash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to`langan bo`lsa, ushbu faoliyat turini pensiya olish huquqini beradigan ish staji toifasiga kiritish nazarda tutilmoqda.

Mazkur Qonunga kiritilayotgan yana bir muhim yangilik – pensiya tayinlashni so`rab murojaat etish tartibi takomillashtirilib, fuqarolarning pensiya tayinlash uchun O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazlari yoki O`zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish huquqi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam iste`mol xarajatlaridan oz bo`lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

 


 

    Boshqa yangiliklar