Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo`lib o`tgan majlisida migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasini takomillashtirish maqsadida Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga o`zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi eng ko`p munozaralarga sabab bo`ldi.
Qizg`in muhokama qilingan qonun loyihasi bilan O`zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini, identifikasiyalovchi ID-kartasini va (yoki) xorijga chiqish uchun biometrik pasportini qasddan yaroqsizlantirishi yoxud uni ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo`qotib qo`yishi, shuningdek O`zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi bo`lmagan shaxsning harakatlanish hujjatini va (yoki) identifikasiyalovchi ID-kartasini (O`zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini) qasddan yaroqsizlantirishi yoxud uni ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo`qotib qo`yganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima qo`llash belgilanmoqda.
Tashabbuskorlarning fikricha, ma`muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi bir qator jarimalar maqbullashtirilmoqda, ya`ni liberallashtirilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O`ktam Islomovning aytishicha, ushbu qonun loyihasida ma`muriy javobgarlik choralari aslida amaldagidan ko`ra og`irlashtirilayotgani yaqqol sezilib turibdi.
223-modda ikki qismga ajratilyapti. Birinchi qismda pasportni muddati o`tgani yoki ma`lumotlari o`zgargani sababli almashtirish masalasida BHMning bir baravari miqdoridagi jarima ko`zda tutilmoqda. Amaldagi tartibda 0,5 dan 3 baravarigacha edi. Moddaning 2-qismida pasportni yo`qotib qo`ysa yoki qasddan shikast etkazsa, BHMning 2 baravari deyilyapti. Amalda esa bu holatda ham 0,5-3 baravargacha edi.
Amaliyotdagi holatlar tahlil qilinganda, bu turdagi javobgarliklar uchun asosan BHMning 0,5 miqdorida jarima qo`llanilgan. Endi esa yarim oklad bo`lib turgan jarima 4 baravarga oshirilyapti. Bu noto`g`ri. O`ylashimcha, amaldagi BHMning 0,5 baravari holatida qoldirish, agar takrorlansa, miqdorini oshirish lozim, — dedi O`ktam Islomov.
Loyiha muhokamasida deputatlar pasportni qasddan yaroqsizlantirganlik uchun javobgarlik belgilangani, lekin qasddan emas, ehtiyotsizlik oqibatidagi holatda fuqaroga qanday javobgarlik ko`zda tutilgani bilan qiziqqan.
Lekin qonun tashabbuskorlaridan asosli javob bo`lmadi. Shu sababli hamkasblarimiz qonun loyihasida qasddan va ehtiyotsizlik tufayli degan normalarni loyihada alohida-alohida qilishni taklif etdilar.
Aytish kerak, bugungi kunda fuqarolarimizning deyarli hammasi fuqarolik pasportlarini ID kartaga almashtirib bo`ldi. To`g`ri, ilgari yo`qotilgan pasportlardan g`arazli maqsadlarda foydalanish imkoni bor edi. Lekin hozirgi raqamli texnologiyalar rivojlangan davrda buning imkoni yo`q.
Yana bir muhim masala. Qonun loyihasida ID karta egasi uni yo`qotganda yoki ehtiyotsizlik tufayli yaroqsiz holga kelganda ikki baravar jarima to`lash belgilanyapti. Nega endi ID kartani rasmiylashtirib olishda to`lov to`lagan fuqaro o`z mulkini yo`qotganda ham jarima to`lashi kerak? Bu jazo kerakmi? Lekin qonun tashabbuskorlari jim. Shaxsan men ma`muriy jazoni olib tashlash tarafdoriman, — dedi deputat.






