AsosiyJamiyat

Toshkentda 10 tonnadan og`ir yuk mashinalarining tig`iz vaqtlarda harakatlanishi taqiqlanadi

'Toshkentda 10 tonnadan og`ir yuk mashinalarining tig`iz vaqtlarda harakatlanishi taqiqlanadi'ning rasmi

Prezident administrasiyasi “O`zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo`llab-quvvatlash” yilida amalga oshirish bo`yicha davlat dasturiga oid prezident farmoni loyihasini muhokamaga qo`ydi.

Hujjat loyihasi bilan 2024 yil 1 martdan boshlab hududlarda chang bo`roni sodir bo`layotganda va havo tarkibida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori bo`lgani aniqlanganda aholini, ayniqsa, yurak, qon-tomir va nafas yo`llari kasalliklariga chalingan fuqarolarni zarur profilaktik choralar to`g`risida doimiy xabardor qilish amaliyoti yo`lga qo`yish taklif etilmoqda.

Shuningdek, 500 va undan ortiq kvadrat metrlik qurilish maydonida, unga kirib-chiqish yo`llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko`tarilishini bartaraf etish bo`yicha majburiy talablar joriy etiladi.

Toshkent shahrida yuk tashish uchun mo`ljallangan, ruxsat etilgan to`la vazni 10 tonnadan yuqori bo`lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig`iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi. Bunda, ushbu cheklovlar maxsus xizmat shu jumladan, kommunal xo`jaligi, obodonlashtirish va Qurolli Kuchlarning yuk transporti vositalariga tatbiq etilmaydi.

Shu bilan birga, 2030 yilga qadar Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “Evro – 5” va undan yuqori standartlariga muvofiq bo`lmagan avtomashinalar ekspluatasiyasi bosqichma-bosqich cheklanadi.

Davlat dasturi loyihasi bo`yicha jamoatchilik muhokamasi 14 fevralgacha davom etadi.

    Boshqa yangiliklar