AsosiyJamiyat

Ombudsman Nukusdagi tergov hibsxonasini qayta tekshirdi. Nimalar o`zgardi?

'Ombudsman Nukusdagi tergov hibsxonasini qayta tekshirdi. Nimalar o`zgardi?'ning rasmi

Joriy yilning 26 yanvar kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakilining (ombudsmanning) Qoraqalpog`iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili va Ombudsman huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan Nukus shahrida joylashgan 2-son Tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.

2023 yilning noyabr oyida mazkur hibsxonada o`tkazilgan monitoring tashrifida aniqlangan holatlar yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga Ombudsman xulosasi kiritilgan edi. Bu galgi o`rganishlarda mazkur xulosaning bajarilish holatlari o`rganildi.

Ma`lum bo`lishicha, hibsxonada saqlanayotgan shaxslar uchun ajratilgan yuvinish xonalarida joriy ta`mirlash ishlari olib borilmoqda, sun`iy shamollatish tizimi (ventilyasiya) yangidan qurilgan, yuvinish xonasining sanitariya-gigiena holati tibbiyot bo`limi xodimlari tomonidan qat`iy nazoratga olingan va yoritish chiroqlari zamonaviylariga almashtirilgan.

Shuningdek, hibsxonaning xo`jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlar sharoitlarini yaxshilash, jumladan uzoq muddatli uchrashuv xonalari tashkil etish va boshqalar bo`yicha loyiha smetasi ishlab chiqilganligi ma`lum bo`ldi. Qurilish ishlari 2024 yil II-choragida tugatilishi rejalashtirilganligi sababli ushbu muassasaga qayta monitoring o`tkaziladi.

Monitoring tashrifida hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy yordam ko`rsatish holati va sifati hamda sanitariya-gigiena talablariga rioya etilishi holatlari o`rganildi va tegishli tavsiyalar berildi.

Shu bilan bir qatorda, hibsxonada saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy tartibda suhbatlashildi. Ombudsmanning mintaqaviy vakiliga yakka tartibda murojaat qilish istagida bo`lgan shaxslar murojaatlari holi tarzda qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar