AsosiySUG'DIYONA

Farzandingizni to`g`ri tarbiya qilyapsizmi?

Yosh ota-onalarga bolasini tarbiya qilish borasida maslahat beruvchilar ko`p. Televizor yoqsangiz ham, gazeta-jurnal varaqlasagiz ham, radioda ham bir gap, farzandni komil qilib o`stirish bo`yicha tavsiyalarni eshitasiz. To`g`ri-da, farzand xuddi nihol kabi, uni parvarishlab, qaddini tik tutishni o`rgatmasangiz, egri bo`lib o`sishi tayin. Xo`sh, aziz dugonajon, siz bu ishni qay darajada uddalayapsiz? Qanday ona ekanligingizni quyidagi testni echib, bilib olish imkoniyatiga egasiz. Qani boshlaymizmi?!

1. Bolaga tug`ilgan kunidan boshlab tarbiya berish lozim, deb uqtirishadi. Sizningcha chaqaloqqa qanday tarbiya berish mumkin?

A) Go`dakka odob haqida nasihat qilish befoyda. Uni toza tutish bilan ozodalikka o`rgatish mumkin.

B) Alla aytish ham tarbiya berishning bir usuli-ku?!

V) Bu haqida o`ylab ko`rmagan ekanman...

2. Turmush o`rtog`ingiz bilan tarbiya borasidagi qarashlaringiz mushtarakmi?

A) Bola uchun har ikkimiz ham mas`ulmiz, demak, «bir yoqadan bosh chiqaramiz».

B) Qarashlarimiz turli xil bo`lsa-da, buni farzandimizga sezdirmaslikka harakat qilamiz.

V) Erimga qo`yib bersam, bolalarni g`irt tanbal qilib o`stiradi.

3. Qaynota-qaynona yoki ota-onangiz sizni tez-tez bolaga noto`g`ri tarbiya berishda ayblashadimi?

A) Yo`q, chunki bolalarimni tarbiya qilishda ularning ishtiroki va o`rni katta.

B) Ha, ba`zan bo`lib turadi.

V) Bolalarim va mening o`rtamdagi munosabatga aralashishga hech kimning haqqi yo`q.

4. Juftingiz, qaynonangiz, ishxonadagi rahbaringiz yoki qo`shningiz bilan urishib qoldingiz. g`azabingizni jilovlay olmay qolsangiz, bu farzandingizga ta`sir ko`rsatmaydimi?

A) Imkon qadar jahlimdan tushgunimcha yolg`iz qolishga harakat qilaman.

B) Ba`zan jahl ustida bolalarimga baqirib yuboraman, keyin bundan vijdonim qiynalib yuradi.

V) Bolaligimda onam dadam bilan urishib qolsa, bizdan alamini olardi. Men bunday qilishni aslo istamasdim. Ammo xuddi onamdek bo`lib qolganman.

5. Sevimli (qimmatbaho) libosingiz yoki buyumingizni kichkintoyingiz yaroqsiz holatga keltirdi. U buni atayin qilmagani ko`rinib turibdi. Sizning harakatingiz...

A) Jahlimni tiyib, unga boshqalarning shaxsiy narsasiga tegish va buzish odobsizlik ekanini tushuntiraman.

B) Bo`ladigan ish bo`ldi, endi jahldan ham, nasihatdan ham foyda yo`q.

V) Yaxshigina ta`zirini beraman! Shunda ikkinchi marta bunday qilmaydigan bo`ladi.

6. Farzandingiz oila a`zolaringiz yoki jamoat joyida sizning so`zingizga quloq solmadi yoki gap qaytardi. Vaziyatdan qanday chiqasiz?

A) 1-2 daqiqa kutib, bolam chalg`iganida yaxshi gap bilan aytganimni qildiraman.

B) O`zimni eshitmagan yoki ko`rmaganga solaman, yolg`iz qolganimizda «qulog`ini burab» qo`yaman.

V) Issig`ida bolamni tartibga chaqiraman.

7. Bolani kaltak bilan jazolab turish fikriga munosabatingiz?

A) Bu usul murg`ak qalbda alamzadalik kayfiyatini paydo qilishga erishishdan boshqa narsa emas.

B) Ba`zan bola quyushqondan chiqib ketadigan holatlar ham bo`ladi, ana shunda og`ir jazo sifaida qo`llash mumkin.

V) Men va bolam uchun bu usul yaxshi tanish.

8. Farzandingizni do`stlari  bilan tanishmisiz?

A) Bolamning yaqin do`stlari va ularning ota-onasini yaxshi taniyman.

B) Bu ishni otasi nazoratga olgan.

V) Bolamga kim bilan do`st tutinish va kimdan uzoqroq yurishni mudom aytib turaman.

9. Jigarbandingizning shirintomoqligiga qarshi qanday kurashasiz?

A) Avvalo oiladagi kattalar ovqat tanlamasa, bola ham bunga o`rganmaydi.

B) Imkon qadar unga yoqadigan ovqatlarni pishirishga harakat qilaman.

V) Dasturxonga qo`yilgan har qanday taomni eyishga majbur, aks holda och qoladi.

10. «Kun davomida bolamga etarli vaqt ajrataman, mehrimni bera olaman» deb ayta olasizmi?

A) Bu masala men uchun juda og`riqli. Bolamga butun kunimni bag`ishlasam ham kamdek tuyulaveradi.

B) Ha, ayta olaman. Ba`zan bu sovg`a-salomlar ko`rinishida bo`ladi.

V) Hamma narsada me`yor bo`lishi kerak, hatto mehrda ham! Bola ota-onasining shaxsiy hayoti borligini ham tushunishi lozim.

11. Dilbandingizni tez-tez (kichik yutuqlari uchun ham) rag`batlantirib turasizmi?

A) Bu ishni otasiga ishonib topshirganman. Men bolalarimni ruhlantiraman, u kishi esa sovg`alar ulashadi.

B) «Barakalla, sen bilan fahrlanaman!» degan so`zlarni tez-tez aytaman.

V) Yutuqlaridan ich-ichimdan sevinsam-da, buni har doim ham ko`rsatavermayman. Taltayib ketishini istamayman-da!

12. Farzandingizni tarbiyachisi, maktabdagi o`qituvchisi, murabbiylari bilan tez-tez uchrashib, suhbatlashib turasizmi?

A) Bolamning o`qituvchilari bilan aloqam yaxshi. Uchrashish imkoni bo`lmasa, qo`ng`iroqlashib turaman.

B) Ha, farzandimning oiladan tashqaridagi hayoti haqida ma`lumot olishning eng yaxshi usuli bu.

V) Majlislarga chaqirganidagina ular bilan ko`rishaman.

 

Yo`riqnoma

Test savollariga belgilagan javoblaringizni ko`zdan kechiring. Qaysi javob variantini ma`qul bilib, ko`proq belgilagansiz? A mi, B mi yoki V? Shunga ko`ra test natijasi bilan tanishing.

 

« javobi ko`p bo`lsa...

Tabiatan vazmin ayolsiz. Bola tarbiyasida esa og`ir-bosiqlik muhim ahamiyatga ega. Bu siz uchun katta yutuq. Farzandingizni huda-behudaga koyimaysiz, biroq o`rni kelganida ayab ham o`tirmaysiz. Chaqaloqni ham oilaning teng huquqli a`zo sanaganingiz uchun bolalaringiz o`zlarini xuddi kattalardek tutishga odatlanishgan. Ba`zi-ba`zida erkalik qilishlari uchun imkoniyat bersangiz yomon bo`lmaydi.

 

«B» javobi ko`p bo`lsa...

Bolangiz bilan do`stlashishga intilishingiz tahsinga loyiq. Ammo qay vaqt do`st, qay vaqt ona rolida bo`lish kerakligini bilasizmi? Rollar ijrosida adashib qolmang. Aks holda, bola ham sizga qanday munosabatda bo`lishni bilmay qoladi. Farzandingizni bobo-buvilari va otasi ham tarbiya borasida faol ishtirok etishlariga imkon bering.

 

« javobi ko`p bo`lsa...

Juda qattiqqo`l onasiz. Farzandlaringiz yuzingizdagi tabassumni kamdan-kam hollarda ko`rishga musharraf bo`lishadi. Siz uchun xatoning katta-kichigi yo`q, har qaysi noto`g`ri ish uchun bolalarni jismonan jazolashga o`zingiz ham o`rganib qolgansiz. Tushuntirish, suhbatlashish bilan vaziyatni o`nglashga harakat qiling.  Farzandingizdagi alamzadalik uning kelajagiga salbiy ta`sir etishi mumkin. O`ylab ko`ring!

 

Dilnoza MIRTOLIPOVA tayyorladi.

Boshqa yangiliklar