AsosiyMutolaa

Said Ahmad. Qoplon (hajviya)

'Said Ahmad. Qoplon (hajviya)'ning rasmi

Yangi hovli Tillaevga yoqdi. Yuklarni mashinadan tushirayotganda Qurbonboy bir gap aytib qoldi:
— Sizga endi bitta it lozim, o`rtoq Tillaev. It uyning savlati. Albatta, it boqing. O`zim g`alatisini topib beraman.

Tillaevning itga unchalik hushi yo`q edi, indamay qo`ya qoldi. Qurbonboy xotinlarning hayhaylashiga qaramay polni ham o`zi yuvdi, gilamni ham o`zi ko`chaga olib chiqib, qoqib keldi.

— Iya, iya, biz turganda nega endi siz pol yuvarkansiz, opa? O`zimiz qotirib tashlaymiz. Men gilam qoqayinu, siz tomosha qiling. Ammo-lekin itning g`alatisini boqish kerak. Ko`chadan kirgan odam kiroyi direktor bo`lsang, shunaqa it boq, deb havas qiladigan bo`lsin.

Qurbonboy uyni saranjom qilib bo`lgandan keyin ham darrov keta qolmadi. Hovlida ancha aylanib yurdi. It bog`laydigan joyni o`zi belgiladi.

— Yo`o`o`q, o`rtoq Tillaev, it masalasini bizga qo`yib beravering. Mana, itning joyi shu. Kichkinagina, ixchamgina uycha qurib bersam, itning ham joni kirib qoladi. Xo`p, biz ketdik.

Qurbonboy ketdi.

— Bu kishi kim bo`ladilar? — dedi Tillaevning xotini uning orqasidan borib eshikni ilgaklab qaytarkan.
— Judayam anig`ini bilmayman, garajimizda ishlasa kerak. Ko`chishga mashina so`raganimizda zavgar, qarashib yuboradi, deb qo`shib bergan edi, — dedi Tillaev.
— Durust odamga o`xshaydi. Chaqqongina ekan. Ertasiga Tillaev ishdan qaytib yuvinayotganida Qurbonboy kattakon it etaklab keldi. U itni ayvonning ustuniga boylab, iljaydi:
— Oti Qoplon, Tillaev aka. Odamning yaxshisini darrov taniydi. Sizga tez o`rganib ketadi. Ertaga yaxshilab uycha yasab berib ketaman.
U qo`lini yuvib kelib, yarim soatcha itning ta`rifini qilib o`tirdi.
— It hamma gapni tushunadi, faqat jonivorning tili yo`q.

Qurbonboy bir so`zli kishi ekan, aytganini qildi. Tillaev ishga ketganida zambilg`altakda g`isht olib kelib, itga uycha yasab ketibdi. Magazindan alyumin tog`oracha olib, itga yalog` qilib beribdi. Tillaev idoradan chiqib, endi mashinaga o`tiraman deb turganida, yugurib kelib qog`ozga o`rog`liq narsa uzatdi.

— Xo`jayin, Qoplonga nasiba. Kabobchi oshnamga tayinlab qo`ygan edim, suyakni begona qilma, deb.
— Qurbonboyingiz odam ekan, — dedi xotini Tillaev uyga kelganda, — bechora jonini fido qivoraman deydi-ya. Bola-chaqali, kamxarj odamga o`xshaydi. Imoratini etti yildan beri bitkazolmasmish. Uncha-munchasiga qarashib yuboring.
Tillaev xotinining gaplariga parvo qilmay, choy ichardi.
Tillaev bilan Qurbonboy orasida yaqinlik paydo bo`ldi. Bir kuni gap orasida u ro`zg`ordan orttirib, uchastkasining tomini yopolmayotganini aytib qoldi:
— Ayb o`zimda, yoshligimdan shunaqaman, o`zimga qaramayman, oshna-og`aynilarning ishi bitsin, deyman. Ha, odam bolasidan shu qolar ekan. Bo`lmasa, promkombinatda ham, raypoda ham oshnam bor, yuztagina shifer so`rasam, yo`q dermidi. So`ramayman. Aslo so`ramayman.

— Nechta shifer etmayapti? — dedi Tillaev beparvo.
— Yo`q, xo`jayin, so`ramang, skladga yuz ellikta shifer yozib bersangiz ham olmayman. Siz bilan shu maqsadda oshna bo`lmaganman. Bunaqa gapni aytsangiz, uyingizga ikkinchi qadam bosmay ketaman.

Shu-shu bo`ldi-yu, Tillaevning unga ixlosi oshib ketdi. Shundoq yaxshi odam garajda mashina yuvib o`tirmasin, deb uni garaj mudiriga muovin qilib qo`ydi. Uyiga bir yuz saksonta shifer, o`ttizta tunuka tushirib berdi. Ammo Qurbonboy har tushlikda kelib, Qoplonni o`ynatib kelishini tark qilmadi. Bu orada Tillaevning eski bod kasali tutib, yotib qoldi. Avvaliga Qurbonboy kelib, uning holidan xabar olib turdi. Doktorlar endi bo`lmaydi, pensiyaga chiqing, deb maslahat berishgandan keyin Tillaev ministrlikka ariza yozib, ishdan bo`shatishlarini so`radi. Ministrlik uning talabini qondirib, o`rniga boshqa direktor tayinladi. Qurbonboy o`sha kuni kelib, Qoplonni aylantirgani olib chiqib ketdi-yu, qaytib kelmadi. Tillaev Qoplonga ancha o`rganib qolgan ekan, to yarim kechagacha ikki ko`zi ko`chada bo`lib, itni poyladi. Yo`q, Qoplon bedarak ketdi. Qurbonboy ham qorasini ko`rsatmay qo`ydi.
Oradan anchagina vaqt o`tdi. Tillaev hassaga tayanib ko`cha aylangani chiqdi. Bir mahal qarasa ko`chaning narigi betida Qurbonboy Qoplonni etaklab yuribdi. Chaqirsa it qaradi-yu, Qurbonboy qaramadi. O`sha kuni yangi direktor o`g`lining tug`ilgan kuniga o`tirish qilib berayotgan ekan. Tillaevga mashina yuboribdi. Er-xotin borishdi. Darvozadan kirishlari bilan yo`lakda yotgan Qoplon ularni ko`rib, dumini likillatib erkalandi.
— Bizning it qalay? — dedi yangi direktor.
— Bu itni taniyman, — dedi Tillaev va narirokda yangi direktorning charm to`nini tuflab artayotgan Qurbonboyga bir qarab, uyga kirib ketdi.
1962 yil

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar