1

Yorim tashlab ketmasin, desangiz... 4 asosiy qoidaga amal qiling!

SUG'DIYONA 18.11.2016, 15:46
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin, SUGDIYONA
Yorim tashlab ketmasin, desangiz... 4 asosiy qoidaga amal qiling!

Oila qurganingizga bir necha yil bo`ldi. Farzandlar, kundalik tashvishlar, ro`zg`or ikir-chikirlari... Xullas, endi asal oyidagi munosabatlarni faqat shirin xotira sifatida eslash mumkin. Siz-ku bu «zerikarli» hayotga amallab ko`nikarsiz, ammo eringiz-chi? Ko`chadan birortasini topib olsa-ya?!! To`xtang! Shu joyda tushkun xayollarga chek qo`ying. Chunki munosabatlaringizni yorqin va qiziqarli qilish imkoniyati hali mavjud. Faqat «nima qilish kerak» emas, «nima qilmaslik lozim» degan savolning javobini bilib olsangiz kifoya.

1. Bo`lar-bo`lmasga qo`ng`iroq qilavermang!

Ayol kishi hayotidagi har qanday ikir-chikirni kim bilandir muhokama qilishga moyil. Avvaliga onasi, opa-singlisi, dugonalaridan iborat «tekin quloq»lar ro`yxatiga turmushga chiqqach, o`z-o`zidan erini ham kiritib qo`yadi. Ammo shundoq ham katta tashvishlar bilan band sho`rlik er bu «mo``tabar» ro`yxatga tirkalishga rozimi-yo`qmi — bu haqda ayol o`ylab ham o`tirmaydi. Shunday qilib, erkakning ish vaqti ayni qizg`in nuqtaga etganda «Voy, dadasi, shunaqangi ajoyib yubka sotib oldimki...» deb boshlanuvchi «kutilmagan qo`ng`iroq» bo`ladiyu oila boshlig`ining sochiga yana kamida o`nta oq oralaydi.

Bu odatni tashlang! Tez-tez qo`ng`iroqlashib turish bizni dugonalarimizga yaqinlashtirishi mumkindir, ammo erkak kishi bilan bu umuman teskari natijaga olib kelishi hech gap emas. Axir uning uchun telefon — axborot almashish vositasi! MUHIM axborot almashish vositasi! Siz esa har soatda qo`ng`iroq qilaverib, uning asabiga tegasiz. Yangi sotib olingan libos — muhim axborot emas! Buni yodda saqlang!

Ochig`ini aytganda, ayollar erlariga bekorga qo`ng`iroq qilishmaydi (uning ovozini eshitishimiz bilan munosabatlarimiz ko`ngildagidek ekanini yana bir bor his etib, xotirjam bo`lamiz). Shunga qaramay, qoidani biroz o`zgartirishga to`g`ri keladi. Oz muddatga «efirdan yo`qoling». Endi xavotirlanish navbati uniki: qaerda yuribsiz, nima bilan bandsiz, nega jim bo`lib qoldingiz, bolalar yaxshimi?.. Albatta, sizga befarq bo`lmagan turmush o`rtog`ingizni vaqti kelib shu savollar bezovta qila boshlaydi. Faqat muhim jihatni unutmang: vaqtincha jimligingiz erkak kishini mensimaslik yoki undan qochishga aylanib ketmasin! Shunchaki munosabatlaringizni iliq saqlab turish tashabbusini (go`yoki) unga bering.

2. Faqat o`zingizni tiqishtiravermang!

«Bir oilamizmi, demak, barcha bo`sh vaqtimizni birga o`tkazishimiz, ta`tilga bir vaqtda chiqib, birga dam olishga borishimiz, erim har oqshomni faqat oila davrasida o`tkazishi kerak...» Bo`lmagan gap! Mutaxassislarning fikricha, mustahkam oila siri tungi navbatchiliklarga ham bog`liq ekan! Ular qisman haq. Qisqa ayriliq bir-biringizni sog`inib qolish imkonini yaratadi: kechqurun telefonlashib, kunni qanday o`tkazganingiz haqida suhbatlashish, tongda juftingizni alohida tayyorgarlik bilan kutib olish imkoni tug`iladi. Agar tunu kun birga bo`lsangiz, vaqt kelib, umumiy mavzular ham tugaydi, bir-biringizning joningizga tegib qolishingiz mumkin. Biror sevimli mashg`uloti, hunari, ilmi, xullas, er va ro`zg`ordan boshqa tashvishi ham bor ayollar turmush o`rtoqlarini ko`proq maftun etadilar. Bordiyu xotinning hayotdagi yagona tashvishi eri bo`lsa, bundan erkak kishi charchashi mumkin.

Demak, eringizga rahmingiz kelsin. Uni ilohiylashtirmang. Chunki kun kelib bu «og`ir yuk»ni ko`tara olmay, qochib ketishi mumkin. Haftada bir marta bo`lsa-da uning oiladan tashqarida hordiq chiqarish, oshnalari bilan choyxonada palovxo`rlik qilish yoki futbol matchini bevosita stadionda tomosha qilishga haqqi borligini tan oling. U ketganida siz ham dam olasiz, vaqtingiz va e`tiboringizni o`zingizga sarflaysiz. Ruxsat ololsangiz, onangiznikida yotib qoling, dugonalaringiz bilan uchrashing. Natijada bir-biringizni sog`inasiz hamda o`rtoqlashish uchun talay yangi mavzular bilan oila bag`riga qaytasiz. Qolaversa, yolg`izlikdan qo`rqqaningiz yoki zerikkaningiz uchun emas, eringizni sevganingiz uchun u bilan birga ekaningizni isbotlaysiz.

3. Kechinmalaringizni undan yashirmang!

«Gaplashib olishimiz kerak» deyishingiz hamono eringiz oyog`ini qo`liga olgancha qochib qolishga tayyor turadi. Siz buni yaxshi bilganingiz uchun xuddi partizanlardek matonat bilan noroziliklaringizni ichga yutib, jim yuraverasiz. «Ko`chada tupuraveradimi? Nima bo`pti! Xurrak otadimi? Chidasa bo`ladi! Asosiysi, oila tinch...» deysiz. Afsuski, bunday emas. Tinch oqqan suvning tubi g`alvali ekanini o`zingiz ham bilasiz. Kun kelib, bu alamlaringizni ichga yutishga joy qolmaydi va hammasini vulqondek tashqariga otasiz. U esa... «Nahotki shunaqa bo`lsam?! Nega endi tiling chiqib qoldi?» deydi.

Maslahat shuki, yoringiz bilan ochiq va samimiy bo`ling. Uning sizga yoqmaydigan, asabingizga tegadigan jihatlarini tanbeh emas, hamdardlik ohangida o`ziga bildiring. Erkaklar munosabatlarda oydinlikni xush ko`rishadi. Ammo o`zlaridan nima talab qilinayotganini ochiq aytmasangiz, tushunishlari qiyin bo`ladi. Ishora qiling!

4. Ko`rpani o`zingizga tortmang!

Ba`zan ro`zg`or ikir-chikirlarini erimizga bildirmay, o`zimiz hal qilmoqchi bo`lamiz. «Shundoq ham ishdan charchab keldi», deymiz uni ayagan bo`lib. «O`zim birpasda qilib qo`yaman, mayda-chuydalar bilan uning boshini og`ritmay», deya olijanoblik qilamiz. Natijada ro`zg`or ishlariga aralashmay qo`ygan erkak bora-bora ularga qiziqmay ham qoladi. Asosiysi, ro`zg`or uchun mas`ullik hissini yo`qotib qo`yadi. «Elektr haqqini qachon to`laganingni qaerdan bilaman? Bu qog`ozlaringni tushunmayman, o`zing qaray qol», deya g`irt erkaklarning vazifasiga kiruvchi ishlarni ham sizga yuklaydigan bo`ladi.

Ro`zg`or ishlarining bir qismini, masalan, kommunal to`lovlar, bozor-o`char kabilarni uning zimmasiga yuklang. Bunda uning bosgan har qadamiyu sarflagan har so`mini nazorat qilish fikridan voz keching. Bir-ikki xato qilsa ham oxiri o`z pulini aql bilan sarflashga o`rganadi. Natijalar haqida esa so`ramasangiz ham o`zi axborot beradi. Mana ko`rasiz!

Eng asosiysi!

«Yaxshiyam siz borsiz, dadajonisi!» deng! Yuqorida aytganlarimizga yuz foiz amal qilganingiz bilan tuyg`ularingizni izhor eta olmasangiz, foyda berishi qiyin. Eringizga uning o`z hayotingizda naqadar muhim ahamiyatga egaligi, sizning suyangan tog`ingiz ekanini aytib turing. Faqat buni ham o`rnida, me`yorida qiling. To`tiqushdek takrorlab, joniga tegib ketmang. Asosiysi, samimiy bo`ling, evaziga samimiyat olasiz.

Mutaxassis fikri

Shahnoza HALILOVA, amaliy ruhshunos: — Erim tashlab ketmasin desangiz, birinchi navbatda uni yo`qotib qo`yishdan qo`rqmang. Aks holda yo`qotish ehtimolingiz ortadi, xolos. Bugungi kun bilan yashang. Ayol butun borlig`ini to`laligicha eriga bag`ishlab, o`zini unutishi kerak emas. O`zingizni parvarishlash, sog`liqni tiklash, tashqi ko`rinishingiz bilan shug`ullanishni kundalik odatga aylantiring. O`zini qadrlaydigan va sevgan ayolni boshqalar ham avaylab-asraydi. Erkak uyiga dam olish, ertangi kunga kuch yig`ish va yangi muvaffaqiyatlarga ilhomlanish uchun keladi. Har qanday da`vongizni u ovqatlanib, biroz hordiq chiqarib, xotirjamlashganingizdan keyin ayting. Ayollarning turmushga chiqmagan qizlarga aytadigan bir maslahati bor: «Ideal er bo`lmaydi, tegaver. Kamchiliklarini keyin o`zing to`g`irlab olaverasan». Bu gaplarga quloq osgan kelinchak to`ydan keyin eng shimarib erini tarbiyalashga kirishib ketadi. O`zini hurmat qiladigan erkak esa bunga chiday olmaydi. Juda tarbiyalashni istasangiz, farzandingiz tug`ilishini kuting. Erni eru ko`kka ishonmay, ko`ngliga hadeb qarayverish ham uning tashqaridan ayol qidirishiga sabab bo`ladi. Ayol ona bo`lgach, farzandi bilan birga eriga ham onalarcha g`amxo`rlik qila boshlaydi. Psixologik sog`lom erkakka esa ona rolini bajarayotgan xotin bilan yashash oson bo`lmaydi. Eringizga rafiqa bo`ling, ona emas. Erkaklar ko`pincha xotinlarning ko`p gapirishidan nolishadi. Albatta, ayollarning nutqiy imkoniyatlari erkaklarnikidan yuqori. Lekin gapirishning o`zi kamlik qiladi, eshitishni ham o`rganing. Ichingizdagi hamma gapni to`kib-sochavermay, eringizning ko`nglidagilarni ham bilishga, unga birinchi raqamli sirdosh bo`lishga harakat qiling.

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1