Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida 14 yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani haqida xabar tarqaldi. Holatni Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, 7 iyun kuni 23, 22, 21 va 20 yoshli to‘rt nafar shaxs qizni Damas avtomashinasida dala hududiga olib borib, unga nisbatan jinoyat sodir etgan.
Hodisa yuzasidan voqea joyi ko‘zdan kechirilib, ashyoviy dalillar yig‘ilgan hamda sud-tibbiy, biologik va psixologik ekspertizalar tayinlangan.
Dastlab ish Jinoyat kodeksining 128-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, tergov davomida 118-modda 3-qismi "a" bandiga qayta malakalangan. Gumonlanuvchilarga ayb e’lon qilinib, ular protsessual tartibda ushlangan.
Jinoyat ishi Tergov departamenti nazoratiga olingan. Tergov yakuni bo‘yicha aybdorlarga nisbatan qonunga muvofiq chora ko‘rilishi ma’lum qilindi.






