1

Hamisha turmush o`rtog`ingizning e`tiborida bo`lish sirlari

SUG'DIYONA 21.11.2016, 16:03
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin, Baxt
Hamisha turmush o`rtog`ingizning e`tiborida bo`lish sirlari

Turmush o`rtog`ingiz bilan ilk uchrashuvga chiqqan damlaringizni xotirlaysizmi? Qanchalar hayajon, intiqlik, ko`tarinkilik va romantikaga boy damlar edi-ya? Nima uchun oradan yillar o`tib, ularni faqat shirin xotira sifatida yodga olayapsiz? Nahotki romantika va jo`shqinlik ro`zg`or tashvishlari zarbasiga dosh bera olmadi? Aslida yillar o`tgach ham xuddi asal oyidagi kabi shirin tuyg`ularni tiklash va munosabatlarga yangilik olib kirish mumkin.

 

Turmush o`rtog`im bilan bir universitetda o`qiganmiz. Naq to`rt yil ortimdan yurib, ko`nglimni olib, ustma-ust sovchi jo`natib uylangan. Ochig`i, o`zim ham uni qattiq sevardim. Hozir bu tuyg`u yo`q, deyolmayman. Har holda oila qurganimizga etti yil bo`ldi, uch farzandning ota-onasimiz. O`rtamizda mushtarak narsalar ko`p. Ammo erim bilan munosabatlarimizdagi yorqinlik yo`qolib, o`rnini majburiyat, burch, odat kabi oila uchun muhim, biroq muhabbatga aloqasi kam jihatlar egallab olgandek. Erim meni sevgani uchun emas, majburligidan yoki issiq o`rnini sovutgisi kelmaganidan yashayotgandek. Masalan, har kuni ishxonasidan menga qo`ng`iroq qilib, ahvol so`rashi — odatiy hol. Ammo oilaviy hayotimizning ilk davrlarida ahvolim, kayfiyatim, uni sog`ingan-sog`inmaganim bilan qiziqardi. Endi bo`lsa, nima ovqat qilayotganimu kostyumini tozalagan-tozalamaganimni so`raydi. Odamga alam qilarkan. O`zimcha «boshqasi topib olmadimikan», degan xayolda zimdan surishtirdim ham, ammo shubhalarim tasdiqlanmadi. Demak, muammo faqat ikkimizning o`rtamizda. Noshukurlik bo`lmasin-u, bu zerikarli hayot ikkimizning ham jonimizga tekkanini sezayapmiz. Biroq o`rtamizda qanday qilib romantikani uyg`otishni bilmayapman.

Dilzoda, 32 yosh

 

Yodingizdami?

Birgalikdagi hayotning ilk kunlari, oylari va ba`zan hatto yillari ham romantiga boy, qiziqarli va jo`shqin onlar sifatida yodga olinadi. Ko`pchilik oilalar asal oyini hayotlarining eng baxtli davri sifatida tilga olishadi. Keyin esa kundalik hayot boshlanadi: bir-birining tabiatiga moslashish, o`zaro chegaralarni belgilash, mas`uliyatlarni taqsimlash va ro`zg`or tashvishlarini bartaraf etish kabi zarur ishlar… Natijada munosabatlardagi uyg`unlik, latiflik, entikish va intiqlik kabi ilk davrda kuzatilgan hislarni bir chetga surib qo`yishga to`g`ri keladi. Juftini ehtiros bilan seva turib ham uning yonida halovat topa olmayotganlar qancha?! Endigina tug`ilib kelayotgan muhabbatining turmush atalmish poezd g`ildiraklari ostida parchalanishiga jimgina tomoshabin bo`lib turganlar-chi?!

Farzand tug`ilishi esa har bir oila uchun ulkan quvonch bilan birga kattagina stressni ham olib keladi. Chunki endi er-xotin bolaga ko`proq, bir-birlariga kamroq e`tibor qarata boshlaydi. Lekin oilaviy hayot faqat farzandlarni katta qilish degani emas-ku! Eru xotin nafaqat ota-ona, balki bir-biri uchun sevimli inson, hamkor va do`st ham bo`lmog`i maqsad edi avval boshda. Yodingizdami? O`zaro muloqotdan lazzatlanishga erishish mumkin. Ruhshunoslar oila borasida hamma uchun universal bir usulni tavsiya etishadi: vaqti-vaqti bilan er-xotin uydan tashqarida romantik uchrashuvga chiqib turing. Masalan, ishdan keyin bir joyni tayin qilib, uchrashing-da, musiqiy favvora atrofida sayr qiling…

Romantika qorin to`ydirmaydi, ammo…

Romantik uchrashuvlar hayot faqat ota-onalik vazifalariyu ro`zg`or tashvishlaridan iborat emasligini eslatib turadi. Siz qaysidir ma`noda ilk uchrashgan, bir-biringizni faqat yaxshi tomondan ko`rgan va kelajakka katta umidlar bog`lagan davringizga xayolan qaytasiz. Hammasi qanday go`zal boshlangan edi-ya! Qarabsizki, bugungi hayotingizda ham o`sha tuyg`ularga o`rin topiladi. Bir-biringizga qaytadan oshiq bo`lib qolasiz. Biroq endi juftingizni yaxshi bilgan, kamchiliklariga ko`z yummagan, uni qanday bo`lsa shundayligicha qabul qilgan holda seva boshlaysiz. Bu umrboqiy tuyg`u, uni sinovdan o`tgan, turmush tashvishlarida toblangan muhabbat desa bo`ladi.

E`tibor berish kerak bo`lgan jihatlar

Romantik uchrashuvlar taklifi kutilmaganda erkaklardan chiqib qolishi mumkin, biroq aksariyat hollarda o`zingiz tashabbusni qo`lga olishingizga to`g`ri keladi. Chunki ko`proq ayollar romantikaga o`ch bo`lishadi, erlarga futbol bo`lsa… Lekin juftingizda ishtiyoq uyg`otishni yaxshi bilasiz. Demak, harakatni boshlang.

  • Avvalo eringizga yoqadigan, uning ensasini qotirmaydigan tarzda taklifni o`rtaga tashlaysiz. Masalan, «Ertalab yoqilg`i quyish shoxobchasida navbat katta bo`lishi mumkin, yuring, hozir mashinaga yoqilg`i quydirib kelamiz». Yoki «Oshqozonim bezovta qilayapti, kechki ovqat hazm bo`lishi uchun bir aylanib kelaylik. Bir o`zim qo`rqayapman», deyishingiz mumkin.
  • Bolalarni kimga qoldirishni avvaldan rejalashtirib oling.
  • Eringizni divandan qo`zg`ata olsangiz, marra sizniki.
  • Yoqilg`i quyib qaytayotganda muzqaymoq eb olish uchun yo`l chetidagi qahvaxonaga yarim soatgagina kirib o`tishingiz mumkin-ku!
  • Bir o`rgatib olsangiz, yoqilg`i yoki muzqaymoq bahona haftada bir uchrashuvga chiqib kelish oilaviy odatga aylanib qoladi.

Uchrashuvlarni mazmunan boyitish uchun…

Albatta, ayol kishi bo`lganingiz uchun ko`proq siz gapirasiz. Biroq mavzu ro`zg`or, bolalar tashvishiyu dugonangizning tug`ilgan kuni tafsilotlaridan xoli bo`lsin. Ko`proq har ikkingiz uchun qiziq mavzularni tanlang. Kutilmaganda ilk uchrashgan, sayr qilgan ko`chalaringizdan o`tib qolsangiz bormi?! Bundan har ikkingiz ham ajoyib zavq olishingizga imonim komil.

Taqvimga nazar soling!

Ba`zida avvaldan rejalashtirilgan uchrashuvlar ham katta taassurot uyg`otadi. Ko`pchilik juftliklarning o`z sanalari bor: ilk uchrashgan kun, to`y sanasi, to`ng`ich farzand tug`ilgan kun. Buni faqat ikkovingizga tegishli kun o`laroq rejalashtirib, bolalarni buvilariga qoldiring-da, sevimli maskaningizga yo`l oling. Bunday uchrashuvni rejalashtirishning o`ziyoq kishida romantik kayfiyat uyg`otadi. Demak, siz munosabatlarni yangilashni uchrashuvdan bir necha kun avval boshlab yuborasiz.

Agar qiziqishlaringiz mos kelmasa…

U holda «sizdan ugina, bizdan bugina» tariqasida ish tutish mumkin. Bir safar siz ikkita chipta olib, uni Ozodbekning konsertiga taklif qilsangiz, keyingi safar u sizni qiziqarli futbol matchiga olib boradi. Bu o`rinda yoqmasa ham, chidashga majbursiz. Axir romantika xohlayapsiz-ku?!

 

Mutaxassis fikri

Shahnoza HALILOVA, ruhshunos:Erkak — tabiatan ovchi. U romantika faqat maqsadga erishguncha yoki unga erishilgan ilk damlarda kerak; sham yog`dusidagi ziyofat, gullar, chiroyli dil izhorlari ayolni mahv etish uchungina o`ylab topilgan, deb hisoblaydi. Munosabatlarning romantik qismi erkaklarni ayollarchalik qiziqtirmaydi. Juftini to`la mahv etganini his qilgach, ortiq xushomad shart emas, degan qarorga keladi. Shuning uchun to`ydan keyin munosabatlar yorqin ranglarini yo`qota boshlaydi. Ayollar munosabatlarning sovuqlashganidan nolib, erga bu borada shikoyat qilaverganlari sayin oraliq masofa ham uzoqlashaveradi. Erkaklar «undoq qil, bundoq qil», qabilidagi aql o`rgatishlarni yoqtirishmaydi. Lekin vaqti-vaqti bilan romantika mavzusini uning yodiga solib qo`ysa bo`ladi. Bunda ayollik makringizni ishga solasiz. Bir o`ylab ko`ring-chi, soch turmagingiz, kiyinish uslubingizni oxirgi marta qachon o`zgartirgan edingiz? Ayol kishining tashqi ko`rinishi, soch rangi tubdan o`zgarsa, erining unga munosabati ham yangi bosqichga ko`tariladi. U sizni mutlaqo yangi qiyofada ko`radi va nogohon paydo bo`lgan «yangi ayol»ning ko`nglini olish istagi tug`iladi. O`z-o`zidan romantika yana hayotingizga kirib keladi.

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1