Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O`RQ-920-son, 13.03.2024 y.) bilan ayrim normativ huquqiy hujjatlarga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritildi.
“Tezkor-qidiruv faoliyati to`g`risida”gi Qonunga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra, tezkor-qidiruv tadbirlari axborot-kommunikasiya texnologiyalari qo`llanilgan holda, shu jumladan kibermakonda va uning imkoniyatlaridan foydalanilgan holda o`tkazilishi mumkin bo`ldi.
“Ma`muriy qamoqni o`tash tartibi to`g`risida”gi Qonunga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra, maxsus qabulxonalardagi tezkor-qidiruv faoliyati jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga barham berish va ularni fosh etish, shuningdek jinoyatlarga tayyorgarlik ko`rishga va ularni sodir etishga daxldor bo`lgan shaxslarni aniqlash, topish hamda qidirish maqsadida, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga “Ichki ishlar organlari to`g`risida”gi Qonunga jinoyatlarning holatlarini aniqlash, jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni aniqlash va qidirish, shuningdek jazoni o`tashdan bo`yin tovlayotgan yoki bedarak yo`qolgan shaxslarni qidirish maqsadida ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan bepul foydalanishga doir ichki ishlar organlarining huquqlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o`zgartirish kiritildi.
Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






