Homilador yoki emizikli ayol ro`za tutganda bolasiga yoki o`zining joniga zarar etishidan qo`rqsa, ro`za tutmaydi va keyinchalik ro`zaning qazosini tutib beradi. Bu haqida mo``tabar manbalarimizda quyidagicha deyilgan:
“Homilador va emizikli ayol o`z joniga yoki bolasiga zarar etishidan qo`rqsa, ro`zani ochadi va (imkon bo`lganda) qazosini tutadi. Ularga ro`zani ochgani uchun kaffarot lozim bo`lmaydi. Zero, “Xulosa”da shunday deyilgandir” (manba: “Fatavoi hindiya”).
Boshqa bir manba`da shunday deyiladi:
“Homilador va emizikli ayol bolasi yoki o`ziga zarar etishidan qo`rqsa, ro`zani ochishi joiz bo`ladi. Bu ruxsat qiyinchilikni ketkazish uchundir. Payg`ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh musofirdan ro`zaning (hammasini) va namozning yarmini, homilador va emizikli ayoldan ro`zaning (hammasini) ko`targan”, deganlar (Imom Nasaiy Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan). Homilador yoki emizikli ayolning ro`zani ochishi zarardan qo`rqishga bog`lab qo`yildi. Bu qo`rquv yo tajribalar natijasida paydo bo`lgan g`olib gumon bilan yoki musulmon, mohir tabibning xabar berishi bilan yuzaga keladi. Fatavoi Zohiriyada shunday kelgan. Agar homilador yoki emizikli ayol bolasi yo o`zining joniga zarar etishidan qo`rqmasa, ro`zani ochishiga ruxsat berilmaydi” (manba: “Bahrur-roiq”).
Demak, homilador yoki emizikli ayol ro`za tutsa bolasiga yoki o`zining joniga zarar etishini tajriba orqali bilsa, yoki buni tajribali, bilimdon musulmon (din-diyonatli) tibbiyot xodimi xabar bersa, ro`za tutmaydi. Imkon topganda qoldirilgan kunlarni har bir kuniga bir kundan qazosini tutib beradi.
Shuni ham ta`kidlab o`tish kerakki, homilador va emizikli ayollar ro`za tutmaganlari uchun fidya bermaydilar. Chunki ular kelajakda ro`zaning qazosini tutishga qodir hisoblanadilar.
Homilador va emizikli ayollar bolasi yoki joniga zarar etmaydigan bo`lsa, ro`za tutishlari shartdir. Ularga yuqoridagi ruxsatlar tegishli hisoblanmaydi. Ayniqsa bolalari taom eyishga o`rgangan emizikli ayollar bu borada taqvo bilan ish tutishlari lozim bo`ladi. Vallohu a`lam.
O`zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay`ati.






