1

Dunyoning 43,1 foiz aholisi nevrologik kasalliklardan aziyat chekmoqda

Dunyo 19.03.2024, 17:20
Dunyoning 43,1 foiz aholisi nevrologik kasalliklardan aziyat chekmoqda

Nevrologik kasalliklar — nogironlikni keltirib chiqaruvchi eng asosiy omillardan biri. Qolaversa, bunday xastaliklar erta o`limga olib keluvchi sabablar orasida etakchi o`rinlarda.

Britaniyada chop etiladigan "Lancet Neurology" tibbiyot jurnalida e`lon qilingan maqola ayni shu mavzuda. Undan Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ishtirokida 1990 yildan 2021 yilgacha o`tkazilgan keng ko`lamli tadqiqot natijalari joy olgan, deya xabar bermoqda Zamon.uz.

Qayd etilishicha, dunyoda 3,4 milliard kishi, boshqacha aytganda, Er yuzi aholisining 43,1 foizi nevrologik kasalliklardan aziyat chekmoqda. Bu borada insult, neonatal ensefalopatiya, migren, demans, diabetik neyropatiya, meningit, epilepsiya, autizm kabi xastaliklar ulushi yuqori.

Tadqiqot davomida o`rganilgan bunday kasalliklar soni 37 ta. Yakuniy hisob-kitoblarga ko`ra, ushbu patologiyalar asoratlari 1990 yildan 2021 yilgacha 11,1 million kishining o`limiga sabab bo`lgan.

Xastaliklar taqsimoti yosh toifasiga qarab farqlanadi. Masalan, 20 yoshdan 59 yoshgacha bo`lgan bemorlar o`rtasida insult, migren va diabetik neyropatiya tashxislari yuqori o`rinni egallaydi. 60-79 yoshlilar orasida esa insult, alsgeymer, demans, diabetik neyropatiya bilan xastalanganlar soni ko`p.

Olimlarning ta`kidlashicha, asab tizimi buzilishlari oqibatida mehnat qobiliyatini yo`qotganlar safida erkaklar ulushi ayollarga nisbatan sezilarli darajada yuqori.

Nevorologik xastaliklardan eng ko`p aziyat chekkan mintaqalar ro`yxatida G`arbiy va Markaziy Afrika davlatlari peshqadam. Eng past statistika Avstraliya, Okeaniya va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida joylashgan yuqori daromadli mamlakatlar hissasiga to`g`ri keladi.

Tabiiyki, mutaxassislar bunday ko`rsatkichlardan jiddiy xavotirda. Xususan, JSST rahbari Tedros Gebreyesus ushbu tadqiqot hukumatlar uchun diagnostika, davolash va reabilitasiya xizmatlari sifati hamda ko`lamini oshirish bo`yicha kuchli chaqiriq bo`lishi kerakligini ta`kidladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1