1

Farzandingizga «nozik masalalar»dan so`z ochsangiz...

SUG'DIYONA 22.11.2016, 14:44
Teglar: Ayol, Ota, Ota-ona, Oila, Bola, Ona va bola
Farzandingizga «nozik masalalar»dan so`z ochsangiz...

Odatda, BU mavzuga o`smirlarning qiziqishi kuchli bo`ladi. Ota-onalar uchun esa farzandimga to`g`ri tushuncha bera olamanmi-yo`qmi, degan o`y xavotirli.  Xo`sh, nozik masalalar xususida bolaga qachon va qay tariqa so`z ochgan ma`qul? Ayni mavzudagi suhbat jarayonida ota yoki ona o`zini qanday tutishi kerak?

Sizu bizni qiziqtirgan shu kabi savollarga oliy toifali shifokor, seksopatolog — Ramazon NAZAROV javob beradi.

Bola qachon anglaydi?


Taxminan, ikki-uch yoshlarda kichkintoy qiz va o`g`il bolalarning tanasi bir-birinikidan farq qilishiga ahamiyat bera boshlaydi. Va ayni e`tibor bolada o`zining tashqi ko`rinishiga bo`lgan qiziqishni shakllantiradi. Qiz bola va o`g`il bolaning aniq farqlaydi. Sinchkov go`dak ongida savollar tug`ila boshlaydi. Demak, unga kerakli va tushunarli javob berish lozim.
Jinsiy tarbiyaga faqat ota-ona mas`ul

Avvalambor, ota-ona tushuntirish ishlarini o`zi olib borishi darkor. U farzandining savollariga uyalmay javob qaytarsa, qiziqishlariga xotirjam munosabatda bo`lsa, shuningdek, o`rtadagi “parda” ko`tarilmasa, bolada shu mavzuga nosog`lom qiziqish shakllanmaydi. Ota-ona savollarga javob berishdan qochib, suhbatlashish istagini bildirmasa yoki jerkib, baqirib bersa, bola uyalib qoladi. Bu yoqimsiz holat uning yodida uzoq vaqt saqlanib, siz bilan bu mavzuda suhbatlashmay qo`yadi va “beminnat” mahalladoshlardan ma`lumot oladi. Shuni unutmaslik kerakki, farzandimiz “kattalar mavzusi” yuzasidan ilk savolni berguniga qadar biz oiladagi munosabatlarimiz, xatti-harakatlarimiz bilan unga jinslar orasidagi farqni o`zimiz bilmagan holda o`rgatib boramiz.

 

Hamma savolga ham javob berish shartmi?


Javob berishni paysalga solish yaxshi emas: har qanday holatda ham bola o`zini qiziqtirgan savolga javob olmagunicha tinchimaydi. Farzandingizning qiziqishini, albatta, qondiring. Javoblar imkon qadar qisqa, lo`nda va bolaning yoshiga mos bo`lishi lozim. Ba`zan bola bir narsa haqida qayta-qayta savol beraveradi, bu uning siz tushuntirgan nimanidir anglamay qolganidan dalolatdir. Shunda barini boshidan gapirib bermay, uni aynan nima qiziqtirayotganini so`rang.

 

Qay yoshda nimalar qiziq?

 

Maktabgacha yoshdagi bolalarni, birinchi navbatda, tana tuzilishi qiziqtiradi. O`g`il bolalar va qizlarning farqi haqida gapirayotib, to`g`risini so`zlang, lekin tafsilotlarga berilish shart emas.  

Taxminan 5-7 yoshga kelib, bolaga “Men qanday paydo bo`lganman?”, degan savol tinchlik bermay qo`yadi. Shunchaki “Oyingning qornidan chiqqansan”, “Seni laylak tashlab ketgan”, “Osmondan tushgansan”, degan mavhum gaplar bilan farzandingizni chalg`ita olmaysiz. Chunki unda: “Qanday qilib u erga kirib qolganman”, “Demak, laylak tashlab ketgan bo`lsa, men ota-onamga begona ekanman-da”, “Meni osmonga kim chiqarib qo`ygan?”, degan taajjubli savollar paydo bo`lishi, shubhasiz. Maslahatimiz, javobni hujayralar misolida tushuntiring: “Otang ikkimizning to`yimiz bo`lgach, bir-birimizni judayam yaxshi ko`rib qolganmiz va farzandlarimiz bo`lishini istaganmiz. Shunda ikkalamiz ichimizdagi mitti hujayralarning birlashishini Xudodan so`radik. Hujayralarimiz bir bo`lgach, sen paydo bo`lding”, deb.

Bolaning 10-12 yoshi ayni diqqat-e`tibor talab etadigan palladir. Bu paytda farzandingiz ko`p narsani tushuna oladi. Uni endi muhabbat, sevgi masalasi qiziqtira boshlaydi. Siz buni mehr izhori, deb izohlang. Ba`zan inson sovg`a-salomlar, chiroyli so`zlardan ham ko`ra, yaqinining quchishi yoki bo`sasidan o`zini baxtli his etishini ayting.

Qiyin-a? Ammo zarur. Bilsangiz, o`smirlar bilan aynan jinsiy hayot haqida suhbatlashish shart emas. Bu ularga maktabdagi anatomiya darsi va salomatlikka oid boshqa qo`shimcha mashg`ulotlarda tushuntiriladi. Sizning vazifangiz esa jinsiy hayotning boshlanishi va o`sha davrga taalluqli sog`lom turmush tarzi haqida gapirib berishdir.    
Suhbatni boshlovchi: otami yoki ona?

Ona va qiz, ota va o`g`il alohida-alohida suhbatlashgani ma`qul. Bu vazifani yana buvi va bobolarga ishonib topshirish mumkin. Avvalo, bolakay kimga ko`proq ishonishi hamda kim bilan uyalmay suhbatlashishini inobatga olish zarur.

Ibo va hayo pardasi ko`tarilmasin!

Farzandingiz hali kichik bo`lsa, uning yonida bemalol kiyimingizni almashtira olarsiz. Ammo katta bo`lgani sayin orada hayo pardasi saqlanishi kerak. Uch yoshdan katta bolalar ota-onasi kiyinayotganda ishtirok etmagani ma`qul. Bundan tashqari, qizingiz va o`g`lingizga har bir insonning shaxsiy hududi (bizda bu yotoqxonaga to`g`ri keladi) daxlsiz ekanligini tushuntiring. Masalan, boshqa birovning yotog`iga kirishdan avval eshikni taqillatish lozimligini, yuvinish xonasida kimdir bo`lsa, u erga kirmaslikni yoshligidan o`rgatib boring. Shuningdek, o`zganing va o`zining tanasiga qo`l tekkazish mumkin emasligini ham eslatib qo`ying.

 Hayz haqida qiz bolaga qachon aytish kerak?
Odatda, onalar qizlari 10-11 yoshlarga etganida unga hayz haqida gapirib berishadi. Bu to`g`ri. Zero, hayz qo`rqinchli va dahshatli emas, balki (kelajakda) ona bo`lishga har oyda  tayyorgarlik ko`rib borish ekanligini tushuntirish kerak. Shuningdek, albatta, gigiena qoidalariga amal qilish, doimo chiroyli va ozoda bo`lishga intilish lozimligini aytish ham foydali. Buning uchun esa ona qiziga kunda ikki marotaba dush qabul qilish hamda gigienik vositalardan qanday foydalanishni tushuntirib beradi. Bu bilan qizingizni sog`lom turmush tarziga odatlantirib borgan bo`lasiz.

 Farzandlarimiz ertami-indin, albatta, mustaqil hayotga qadam qo`yishadi. Ularni “kattalar dunyosi”ning muammolari va yozilmagan qonunlari haqida ogohlantirish  biz, ota-onalarning burchimizdir. Shuni unutmasak, bo`lgani!

Dilnoza Shuhrat qizi

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1