Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent va Sirdaryoda pilot sifatida “Ijtimoiy taksi” loyihasi joriy etilishini ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, loyiha nogironligi bo`lgan, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo`llab-quvvatlash, ularning transport xizmatlaridan qulay foydalanishi va harakatlanish qulayligini ta`minlaydi.
Agentlik yo`nalishsiz taksi xizmatlarini ko`rsatuvchi manfaatdor yuridik shaxslarni quyidagi masalalarni muhokama qilishga taklif etadi:
– nogironligi bo`lgan shaxslarga ijtimoiy taksi xizmatlarini ko`rsatish tartibi, shu jumladan, buyurtma qabul qilish, nogironligi bo`lgan shaxsni kutib olish, nogironligi bo`lgan shaxsni joylashgan joyidan belgilangan joyga olib borishda yordam berish (hamrohlik qiluvchi shaxs bo`lmaganda), shuningdek, avtomobilga(dan) chiqarish/tushirish (zarur hollarda), nogironlar aravachasi va boshqa yuklarni (zarur hollarda) ortish/tushirish, nogironligi bo`lgan shaxs va hamrohlik qiluvchi shaxsning (agar mavjud bo`lsa) belgilangan joyga borishi va boshqa holatlar;
– to`lov olinmaydigan (bepul) maksimal kutish vaqtini aniqlash;
– "Ijtimoiy taksi"da borib kelish mumkin bo`lgan ob`ektlar (borish manzillari) ro`yxatiga muvofiq marshrutni kuzatish mexanizmlari.
Agentlik bu borada yo`nalishsiz taksi xizmatlarini ko`rsatuvchi manfaatdor yuridik shaxslarni hamkorlikka chaqirmoqda.