Mirzo Ulug`bek tumanida “TOEFL” sertifikati olib berishni va`da qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Prokuratura departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzo Ulug`bek tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar M.K. va A.A. o`zaro til biriktirib, fuqaro U.Yu.ning ishonchiga kirib, uning turmush o`rtog`i Sh.Yu.ga go`yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida hech qanday imtihonlarga qatnashmasdan “TOEFL IBT” sertifikatini olib berishi evaziga 1 800 AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.