Surxondaryo viloyatida o`tkazilgan reydda iste`molga yaroqsiz 1015 kilogramm mol go`shti aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Darband” YPX maskanida Surxondaryo viloyati IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Karantin tadbirlarini ta`minlash bo`linmasi hamda viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari tomonidan reyd tadbirlari o`tkazilgan.

Unda Denov – Toshkent yo`nalishi bo`ylab harakatlanib kelayotgan 24 yoshli M.Sh. boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtomashina to`xtatilib, yukxonasi tekshirilganida biror-bir tegishli veterinariya hujjatlarisiz 140 kilogramm yirik shoxli mol go`shti olib ketayotgani aniqlangan.
Shuningdek, 8 may kuniga o`tar kechasi soat 02:30 larda shu yo`nalish bo`ylab harakatlanib kelayotgan 24 yoshli A.A. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina yukxonasi tekshirilganda, hech qanday veterinariya hujjatlarisiz 475 kilogramm yirik shoxli mol go`shti olib ketayotgani ma`lum bo`lgan.

Aynan shu maskanda reyd tadbiri davom ettirilib, soat 02:50 larda Sho`rchi – Toshkent yo`nalishi bo`ylab harakatlanib kelayotgan 27 yoshli N.J. boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtomashina yukxonasi tekshirilganda, tegishli veterinariya hujjatlarisiz 400 kilogramm yirik shoxli mol go`shti olib ketayotgani aniqlangan.

Yuqorida aniqlangan holatlar bo`yicha go`sht mahsulotlarining iste`molga yaroqli yoki yaroqsiz ekanini tekshirish maqsadida, viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi laboratoriyasiga taqdim etilganida, iste`molga yaroqsiz ekani aniqlanib, go`sht egalariga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va go`sht mahsulotlari belgilangan tartibda yo`q qilingan.





