Yulduz Usmonova ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan videomurojaatida sun'iy intellekt texnologiyalari insonlar hayotini yengillashtirishga xizmat qilishi kerakligini, ammo ayrim shaxslar undan firibgarlik maqsadlarida ham foydalanayotganini aytdi.
Uning so'zlariga ko'ra, hozirda uning surati va ovozidan sun'iy intellekt orqali foydalanib, odamlardan turli bahonalar bilan pul va yordam so'ralayotgan holatlar kuzatilmoqda.
“Sun'iy intellekt bizga yengillik yaratish uchun chiqqan bo'lishi mumkin. Lekin uni yaxshi maqsadda ishlatayotganlar ham, yomon maqsadda foydalanayotganlar ham bor. Mening yoki boshqa biror insonning suratini qo'yib, yordam, pul yoki boshqa narsa so'rashsa, ishonmanglar. Hozir gadoychilikning boshqa bir turi chiqyapti”, deydi xonanda.
U fuqarolarni har qanday ma'lumotni tekshirmasdan turib ishonmaslikka chaqirdi. Ta'kidlanishicha, agar uning nomidan biror murojaat tarqatilsa, u albatta rasmiy sahifalari orqali e'lon qilinadi.
“Rasmiy sahifalarimizda o'zimiz chiqib gapirmaguncha, hech qanday xabarga ishonmanglar. Pul o'tkazmanglar. Avval surishtiring, keyin yordam beringlar”, dedi Usmonova.
Xonanda sun'iy intellekt yordamida turli tuhmatlar, soxta imtiyozlar va firibgarlik sxemalari ham tarqatilayotganini qayd etib, jamoatchilikni hushyorlikka chaqirdi. Uning ta'kidlashicha, axborot makonidagi bunday tahdidlarga qarshi kurashishda fuqarolarning ogohligi muhim ahamiyatga ega.






