1

Qo`sh kelinning baxti bo`linganmi?

SUG'DIYONA 25.11.2016, 14:35
Teglar: To`y, Oila, Baxt, Kelin
Qo`sh kelinning baxti bo`linganmi?

       Uyingiz ostonasidan ko`zlarni qamashtirib biri quyosh, bir oy misol kelinchaklar kirib kelishdi. Ularning ham bu tashrifi uzoq orzulangan, ammo alohida kutilgandi. Ammo taqdir va vaqt, holat va imkoniyat ikki alp o`g`lingizni birvarakayiga uylantirish, kelinlarni juft olishga sizni undadi. Quvonchingizning cheki, hayajoningizning adog`i yo`q, shu bilan birga jindek xavotir ham bor. Chunki, «qo`sh kelin tushirish» mavzusi atrofida turli xil gap-so`zlar yuradi. Kimdir “chilla tushadi” deb irim qiladi, kimdir xosiyatidan qo`rqadi, yana kimdir “hech narsa bo`lmaydi, to`yni boshlayver” deb sizga dalda bo`ladi. Biz anna shu mavzuda ko`pchilikning fikrini o`rgandik va fikrlarning keskin ravishda bir-biridan fark kilishiga amin buldik.

 

Muyassar Soyipova, 64 yosh, Toshkent: Qo`sh kelin tushirganlarni gap qilish emas, balki ularga xavas qilgan yaxshi. Avvalambor o`g`illarning borligi, yana ularning oldinma-ketin dunyoga kelib, uyingizni to`ldirganiga shukr qilish kerak. Birining bo`yi biridan, ikkinchisining aqli keyingisidan o`zaman deb turgan yigitlarning taqdiri bir vaqtda kuldimi, demak baxti ham o`ziga yarasha bo`ladi. Hasan-Xusan egizaklarim dunyoga kelganida befarzand ayollarning qo`liga bermang, deyishgan. Men bunday gap-so`zlarga e`tibor bermaganman, axir ularning aybi nima, dardni Yaratganning o`zi beradi-ku! O`g`illarimni uylantirish vaqti-coati etganida bir uydan emas, turli xonadondan kelin qidiraverganman. Taqdirni qarangki, ularning har ikkisiga ham shifokor qizlarni kelin qilishga muyassar bo`ldim. Ollohga beadad shukr, ko`pchilik birida farzand bo`lsa, ikkinchisida bo`lmaydi, deb hisoblaydi. 40 kun farqi bilan Hasan va Kamolaxon qiz farzandli, Xusan va Gulnozaxon o`g`il farzandli bo`lishgan. Bir emas, ikki kelin uyingizda elib-yugurib xizmat qilib, biri choy quysa, biri ovqat suzib tursa, qanchalik chiroyli manzara. Hozir Kamolaxon kelinimning uch o`g`il, bir qizi bor, o`zi esa nervpatolog, tibbiyot fanlari nomzodi. Gulnozaxon kelinim esa terapevt shifokor bo`lib ishlaydi, uch nafar o`g`li bor. Agar o`g`illarim egizak bo`lmaganida ham, taqdir taqozo qilganida hech ikkilanmay qo`sh kelin qilardim. Faqat Yaratganning o`ziga tavakkal qilib, ko`ngilni xotirjam qilish kerak.

.

Muhtaram Ziyaeva, 48 yosh, Qo`qon: Egizak farzandlarning yo`rig`i boshqa. Chunki ularni Yaratganning o`zi taqdirini egiz qilgan. Hasan-Xusan va Fotima-Zuhralarning birgalikda to`yi bo`lishida hech bir muammo bo`lganini bilmayman. Men bilgan, eshitgan va ko`rgan qo`sh kelinli to`ylarning kupchiligi, negadir xosiyatli bo`lmagan. Biri baxtli yashab ketsa, ikkinchisi ajrashadi, birida farzand bo`lsa, keyingisi befarzandlikdan aziyat chekadi. Yoki er-xotinlardan biri og`ir kasal bo`ladi, erta vafot etadi... “Baxti bo`linadi” degan gap to`g`riga o`xshaydi.

 

Olimjon Aliev, 26 yosh, Farg`ona: Toshkentda shifokorlikka o`qiganim uchun uydagilar “uylantiramiz” deyishsa, ortga suraverdim. Chunki, hali o`qishni tugatmasdan, magistraturaga kirmasdan, ish boshlamasdan turib oila qurishga vaqtli edi. Bu orada ukam ham 25 yoshga kirib qoldi. Unga bo`lajak kelin ham allaqachon tayin edi. Onam bizni bir ko`z bilan tarbiyalab, katta qilgan, u kishi tezroq kelin ko`rib rohat topsam,  deb orzu qilardi. Bu orada menga poytaxtda ish taklif qilishdi, endilikda uylansam ham shu erda qolishimga to`g`ri kelardi. Qidira-qidira men ham juftimni uchratdim, bo`lajak rafiqam ham poytaxtda taxsil oladi.  To`yni o`tkazish maslahatini qilayotib, menda ukam ikkimiz birgalikda nikoh to`yi qilsak-chi, degan fikr uyg`ondi. Bundan maksad faqat moliyaviy iqtisod qilish emas, balki onamni yolg`iz qo`ymaslik, bag`rini birdan to`ldirish edi. Oz vaqtdan so`ng bizning uyga ham qo`sh kelin tushadi. Ko`pchilikdan turli gap-suzlarni eshityapman, ularga e`tibor bermaslikka harakat qilyapman. Chunki men Farg`onadagi to`yimizdan uch kun avval poytaxtdagi yor-birodarlar, yaqinlar davrasida ham kichik to`y o`tkazaman.

 

Javohir To`raev, 28 yosh, Sirdaryo: Odamlar orasida biror bir gap bejiz tarqamasligiga ishonaman. Chunki, ikki sinfdoshim aka-ukasi bilan bir kunda uylangan. Birinchi sinfdoshimning ukasi bilan birga to`yi bo`lganda, biz bo`z yigitlarga ham juda qiziq bo`lgan. Ikki marta oshga, ikki marta kuyovnavkarga borganmiz. To`yxonaga kirib kelish ham juda chiroyli ko`ringan. O`sha to`ydan keyin hammamiz to`ylarimizni qo`sha qilsak bo`larkan, deb uylagandik. Ikkinchi sinfdoshim aynan o`sha do`stimizga xavas qilib, akasi bilan birga bir kunda uylanishga rozi bo`lgan. Ming afsuski, hozir birinchi sinfdoshimning 2 o`g`li bor, ammo ukasi hali farzandli bulganicha yuk. Keyingi do`stimizning akasida bir o`g`il, bir qiz bor, sinfdoshimizda esa hali yangilik yo`q...

 

Qodir Suvonov, 61 yosh, Toshkent viloyati:  6 nafar farzandim bor, beshovi o`g`il, bittasi qiz. Ochig`ini aytsam, katta o`g`illarimni uylantiradigan payt kelganda qo`lim kaltalik qilgan. Ularning yoshi orasidagi farq esa 1 yosh edi. O`sha paytda aka-opalarim bir dasturxon yozganingda ikkovini ham uylantir, uchinchi-to`rtinchi o`g`ling ham ana-mana deguncha uylanadigan bo`lib qoldi, deb qo`sh kelin tushirish maslahatini berishgan. Ayolim sovchilikka borib, patir sindirish oldidan qo`sh kelin qilish niyatida ekanligini aytsa, ko`pchilik e`tiroz bildirgan. O`zimizga o`xshagan, tengimiz bo`lgan, fikrimiz mos keladigan odamlarni topib, quda bo`lganmiz. To`y arafasi va to`ydan keyingi chilla davrida xotinim ayollar bilan kengashib, barcha irim-cirimlarini amalga oshirgan. Birinchi yili kichik o`g`lim qizli bo`lib, kattasida farzand bo`lmaganda, er-xotin «xato qildikmi» deb rosa o`ylanganmiz. Ming marta shukr, keyingi yili ular ham farzandli bo`lishdi. Ikkala o`g`lim ham bir-biriga esh bo`lib, hozirda hamkorlikda tadbirkorlik qilishmoqda.  

 

Muqaddas Haydarova, Sirg`ali tumani bosh otinoyisi:

Qo`sh kelin tushirish borasida dinimizda hech qanday moneliklar yo`q. Qaytaga dinimiz ixchamlik, isrofgarchiliksiz o`tkaziladigan, odamlarni xayr-oqibatga chaqiradigan to`y qilishni targ`ib qiladi. Ota-onalarimiz farzandlarining mos juftini topib, hamma uchun foydali, ibratli bo`ladigan tarzda elga dasturxon yozganlarida hikmat katta. Muhammad alayhissalom kelin-kuyovning nikoh to`yi marosimini bitta qo`y so`yib bo`lsa ham ma`lum qilish kerakligini aytganlar. Nikoh to`ylari aslida to`y bo`layotgan xonadonning qizi va o`g`lidan boshqa birov umidvor bo`lmasin, degan maqsadda qilinadi. Oilaviy hayotni boshlash arafasida turgan yoshlarning taqdiri haqida bugundan bashorat qilish “shumlanish” deyiladi. Dinimiz irimlardan qaytaradi.  Chunki taqdir Ollohdan. Hukumatimiz, viloyat, tuman hokimliklari, jamg`armalarimiz tomonidan qo`sha-qo`sha, o`nlab kelin-kuyovlarimizning nikoh to`ylari o`tkazilmoqda. Ming shukrki, bunday nikoh  to`ylari yoshlarning ham, ularning yaqinlarining ham mushkulini oson qilib, butun umr yodida qoladigan voqea bo`lmoqda.   

 

Qo`sh kelin tushirish bilan bog`liq odatlar

  • «Molyoyar» marosimidan keyin kelinlarning yasatilgan uyini ko`rgani kelganlarga faqat bittasiniki ko`rsatiladi.

Odamlar fikri: Birinikiga kirgan mehmon ikkinchisinikiga kirishi mumkin emas, «chilla buziladi» deb hisoblanadi. Aslida buning tag ma`nosida “turli solishtirishlardan asrash” yotadi. Chunki, kelin tomonlarning har biri o`z didi va imkoniyatiga yarasha sarpo-suruq, mol-mulk qiladi. Ularning narxi, sifati, ko`rinishida tafovutlar bo`lishi tabiiy. Odamlar beixtiyor chillali uyda g`iybatlar va mish-mishlarni avj oldirmasliklari, keyinchalik qaynona-qaynota, kelin-kuyovlar ko`nglini buzmasliklari uchun shu odatga amal qilishadi.

  • Har bir juftlikka alohida va to`liq nikoh o`qish shart.

Odamlar fikri: Nikoh osmonlarda yozilib, so`ng erga tushadi. Nikoh o`qilib, tomonlar bir-biriga jufti halol bo`lganlarida nikoh baxt qushi, yoshlarning faqat bittasining boshiga qo`nar emish. “Baxt bo`linadi” degan fikr mana shu gapdan kelib chiqqan.

  • To`y tugaganidan so`ng, to`yxonadan uyga kirib kelayotganda avval katta kuyov va kelin kirib keladi. So`ng xonadon darvozasi yopiladi. 15-30 daqiqa farqi bilan keyingi kelin-kuyov uchun darvoza ochiladi va yangidan poyandoz yoziladi.

Odamlar fikri: Har bir yangi kelin o`zi bilan xonadonga qut-baraka, rizq, avlod olib keladi. Baxti-rizqi o`ziniki bo`lsin, shu uylarni xush oqibatlar bilan to`ldirsin, baxti butun bo`lsin.

  • To`ydan keyingi chilla davri qoidalariga ham nihoyatda izchillik bilan amal qilinishi shart.

Odamlar fikri: Ikki juft kelin-kuyovlarning dastlabki oilaviy hayotini, kelinlarning xizmati, muomalasi, sepini kuzatib, taqqoslab turuvchilar ham ko`p bo`ladi. Shuning uchun ular qorong`ida yurmasliklari, begonalar bilan ko`rishmasliklari joiz.

 

Qo`sh juftliklarning baxtli yashab ketishi aslida irimlarga emas, qaynona-qaynotaning ularga bo`lgan munosabatiga ko`proq bog`liq. Jazmu jur`at qilib, ikki uyning turumini buzib, juft kelinlarni uyingizga olib kelgan ekansiz, bunday qo`shaloq quvonchning o`ziga yarasha badali bor, bir vaqtning o`zida ikki hissa sabr, ikki karra ko`proq kelinlar, qudalar bilan muomala-murosa qilish kerak. Barmoqlarimizdagi izlarning o`xshashi bo`lmaganidek, oilalar taqdirini doimiy ravishda bir-biriga solishtirib ham bo`lmaydi, shuning uchun ham ularning har biriga alohida yondashuv kerak.

Juft bo`lsin yoki ikki juft bo`lsin, har bir yosh oilaning o`ziga atalgan qo`sha-qo`sha baxtu caodati bo`lsin!

 

Aziza Qurbonova

Sharhlar

⚡️Farg`onada 20 yoshli o`g`il xotini bilan janjallashgan onasini pichoqlab o`ldirdi (video)

07.03.2023, 13:30

Farg`onada 20 yoshli o`g`il oilaviy kelishmovchilik sabab o`z onasini pichoqlab o`ldirdi. Bu haqda "zamon" informasion dasturida xabar qilindi. Ma`lum qilinishicha, Farg`ona viloyati Marg`ilon shahar "Do`stlik" mahallasida yashovchi...
Samarqandda to`yda yo`qolib qolgan 4 yoshli bolaning jasadi quduqdan topildi (video)

01.10.2022, 14:39

Samarqanddagi to`yxonada yaqinlarining qarovsiziligi sabab yo`qolgan bolakay, bazmgoh atrofidagi 8 metrlik quduqqa tushib ketganligi aniqlandi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.Ma`lum qilinishicha,...
To`y fojiaga aylandi: marosimga ketayotgan kuyov daryoga cho`kib ketdi

20.07.2022, 09:30

Pokistonda to`yda ishtirok etish uchun kelayotgan mehmonlar bo`lgan qayiq cho`kib ketdi, deya xorij OAVga asoslanib yozmoqda "Zamon.uz"Ma`lum qilinishicha, kamida 20 kishi halok bo`lgan. Ular ayollar...
O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1