AsosiySiyosat

Rezolyusiyaga 30 dan ortiq a`zo davlatlar hammualliflik qildi

'Rezolyusiyaga 30 dan ortiq a`zo davlatlar hammualliflik qildi'ning rasmi

Joriy yil 4 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi O`zbekiston tashabbusi bilan "Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog`liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo`lib harakatlanish va hamkorlik qilishga tayyorligi" rezolyusiyasini bir ovozdan qabul qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA .

Rezolyusiyaga 30 dan ortiq a`zo davlatlar hammualliflik qildi.

Hujjat loyihasini Bosh Assambleyada taqdim etar ekan, O`zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug`bek Lapasov rezolyusiya konsepsiyasi O`zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqi asosida ishlab chiqilganini alohida ta`kidladi. Jumladan, ushbu nutqda davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini qamrab oladigan Giyohvandlikka qarshi umumiy Harakatlar rejasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surilganini alohida qad etish joiz.

Hujjatda O`zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo`yicha 2024-2028 yillarga mo`ljallangan milliy strategiyaning asosini tashkil etuvchi konseptual qoidalar inobatga olingan.

Rezolyusiyada ta`kidlanganidek, Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish mintaqada giyohvand moddalar savdosi va giyohvandlikka qarshi kurash bilan chambarchas bog`liq. O`zbekistonning yangi siyosati tufayli mintaqada yuz berayotgan ijobiy o`zgarishlarga alohida e`tibor qaratilgan.

Mintaqa davlatlarining mavjud ijobiy tajribasi asosida giyohvandlik muammosini hal qilishga global yondashuv doirasida giyohvandlikka qarshi samarali hamkorlikka intilishi ta`kidlangan.

Rezolyusiyada a`zo davlatlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining giyohvandlikdan xoli jamiyatni faol targ`ib qilishga qaratilgan sa`y-harakatlarini, bu boradagi xalqaro majburiyatlarni bajarishga sodiqligini, giyohvandlik bilan bog`liq masalalar bo`yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qat`iy intilishlarini ijobiy qayd etadilar.

Xususan, hujjatda giyohvandlik vositalari va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo`yicha kompleks ishlarni amalga oshirish, strategik tashabbus va chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqish ko`zda tutilgan. Hududiy elektron ma`lumotlar bazasini joriy etish, so`rovnomalar va tadqiqotlar o`tkazish, axborot texnologiyalari hamda ijtimoiy tarmoqlardan giyohvandlik bilan bog`liq jinoiy maqsadlarda foydalanishga qarshi kurashish, virtual valyutalarni tartibga solish, narkobiznes, jumladan, uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllari bilan aloqadorligi nuqtai nazaridan moliyaviy asoslarga putur etkazish kabi aniq amaliy choralar ko`rish muhimligiga e`tibor qaratilgan.

Rezolyusiya, shuningdek, a`zo davlatlar, BMTning tegishli tuzilmalari, xalqaro moliya institutlari va boshqa manfaatdor tomonlarni giyohvand moddalar bilan bog`liq muammolarni har tomonlama hal etishda Markaziy Osiyo bo`yicha hamkorlikni kengaytirish va qo`llab-quvvatlashga chaqiradi.

Bosh Assambleya yalpi majlisi muhokamalarida delegasiyalar rezolyusiyani qo`llab-quvvatlab, ushbu muhim rezolyusiyani ilgari surishda O`zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdilar. Mazkur hujjat jahonda giyohvandlik muammosiga qarshi global kompleks kurashga katta hissa qo`shishi alohida qayd etildi.

Shuningdek, so`zga chiqqan delegatlar O`zbekiston delegasiyasining konsensus natijaga erishish uchun "o`zaro maqbul murosa va echimlar"ni topish bo`yicha izchil sa`y-harakatlarini ta`kidladilar. "Hujjatni ochiq, oshkora va inklyuziv tarzda ko`rib chiqish", shuningdek uning konsensus asosida qabul qilinishi yaxshi ijobiy holat yaratishi va "BMTda giyohvandlikka qarshi boshqa tashabbuslar bo`yicha konsensusga erishish uchun yaxshi asos bo`lishi" bildirildi.

    Boshqa yangiliklar