AsosiySalomatlik

Kuchli bosh og`rig`i, nutq buzilishi, vaqtincha ko`rmaslik... Bu — ko`z migreni alomatlari bo`lishi mumkin

'Kuchli bosh og`rig`i, nutq buzilishi, vaqtincha ko`rmaslik... Bu — ko`z migreni alomatlari bo`lishi mumkin'ning rasmi

Respublika ko`z kasalliklari klinik shifoxonasi shifokori Mavjuda Junadullaeva ko`z migrenining kelib chiqishiga sabab bo`luvchi omillar haqida ma`lumot berdi.

 — Migrenning bir nechta turi mavjud. Ularning sabablari, kechishi va boshqa simptomlari o`xshash yoki bir-biridan farqlanadi, — deydi mutaxassis. — Ko`z migreni esa migrenning bir turi bo`lib, bunda bosh va ko`zning og`rishi, ko`ngil aynishi bilan birga, ko`rish maydonida o`ziga xos o`zgarishlar kuzatiladi.

 Ba`zi bemorlarda ko`z tirqishi qisilishi, ko`z harakati cheklanishi va narsalarning ikkita bo`lib ko`rinishi (diplopiya)ro`y beradi.

 Kasallik bir necha bosqichlarda rivojlanadi. Avvaliga bemorda charchoq, uyqu bosishi, ko`p esnash, chanqash, shirinlikka bo`lgan ehtiyoj kuchayadi. Yorug`lik va baland tovushlar bemorga yoqmaydi. Boshning ensa qismida tirishish kuzatilib, bu holat 1 soatdan 2-3 kungacha davom etishi mumkin.

 Keyingi bosqichda ko`z oldida yaltiroq dog`lar va yorug`lik chaqnashi bilan birga,ko`rish maydonida nuqsonlar yuzaga keladi va ob`ektlar shakli buzilishi, hatto, vaqtincha ko`rmaslik kuzatiladi.

 Ba`zi bemorlarda esa nutq buzilishi, qo`llarda uvishish namoyon bo`lib, bu simptomlarning davomiyligi odatda 5-60 daqiqa davom etadi.

Uchinchi bosqichda kasallik boshning yarmida kuchli og`riq, ko`ngil aynishi va qayt qilish bilan kechib, ko`pincha bosh og`rig`iga qarshi preparatlar bemorga foyda bermaydi. 

Kuchli charchoq va og`riq tufayli u uxlay olmaydi.

To`rtinchi bosqich og`riqlar asta-sekinlik bilan qaytishi, ko`rish qobiliyatining tiklanishi bilan 2 soatdan 3 kungacha davom etadi.

Ko`z migrenining belgilari bemorda muntazam kuzatilmaydi va bu xastalikka barcha kasb egalari chalinishi mumkin. Qolaversa, kasallik yosh tanlamaydi, ya`ni yosh bolalar, homiladorlar va katta yoshli insonlarda ham birdek kuzatiladi.

 Xastalik xuruji ko`pincha quyidagi sabablar ta`sirida boshlanadi:

  •  kompyuter, telefon va gadjetlardan uzoq vaqt foydalanish;
  •  surunkali charchoq va uyqusizlik;
  • kuchli stress;
  • gormonlar almashinuvining buzilishi;
  • ayrim dori vositalarining asorati;
  • shirinlikka ruju qo`yish;
  • kislorod etishmasligi;
  • ob-havo o`zgarishlari va boshqalar.

 Kasallik va xurujlarining oldini olish uchun o`z vaqtida dam olish, ortiqcha jismoniy va aqliy zo`riqmaslik, o`tkir hid va ta`mli mahsulotlarni iste`mol qilmaslik, zararli odatlar (tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish)ni tark etish, stress holatlariga tushmaslik, sport bilan muntazam shug`ullanish, bir so`z bilan aytganda sog`lom turmush tarziga rioya qilish lozim.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar