Qashqadaryo viloyatida 2024 yilning o‘tgan olti oyi davomida 1034 nafar haydovchi mast holda mashina boshqargani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB boshlig‘i Aziz Sadirov ma’lumot bergan.
Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida viloyat yo‘l patrul xizmati inspektorlari tomonidan aniqlangan jami qoidabuzarliklar 172 ming 524 tani tashkil qilgan. Shundan qo‘pol turdagi qoidabuzarliklar 62 ming 741 ta bo‘lgan, deydi viloyat YHXB boshlig‘i.
Aniqlashtirilishicha, mast holda rulga o‘tirgan haydovchilar 1034 nafar kishini tashkil qilsa, 5412 nafar haydovchi tegishli hujjatlarsiz avtomobil boshqargan.
17 ming 239 nafar haydovchi svetafor ishoralariga bo‘ysunmagan bo‘lsa, 886 nafar haydovchi esa YPX xodimiga, 35 ming 601 nafari esa yo‘l belgilariga bo‘ysunmagan. Qoidabuzarliklardan kelib chiqib, 8281 ta avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan, deydi mas’ul.
Qashqadaryoda sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida Qashqadaryo tajribasi ham ishlab chiqilgan.
Qashqadaryo viloyati IIB JXX YHXB tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida viloyat hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarida xavfli hudud deb topilgan qismlarida Qashqadaryo tajribasi sifatida 17 ta “Mobil post”lar tashkil etildi va bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda, deydi Aziz Sadirov.