AsosiySalomatlik

Qarish jarayonini sekinlashtirish uchun qanday ovqatlanish kerak?

Ovqatlanish ratsionini tuzishga jiddiy e’tibor berish orqali qarilik va u bilan bog‘liq noxush oqibatlarni, masalan, ajin tushishini ancha kechiktirish mumkin.

'Qarish jarayonini sekinlashtirish uchun qanday ovqatlanish kerak?'ning rasmi

Bunda nafaqat mahsulotlar tanlovi, balki ularni qanday tanavvul qilishni ham bilish muhim.

SSV Matbuot xizmati qarishni sekinlashtirish uchun ovqatlanishning asosiy qoidalarini keltirib o‘tdi. 

Tabiiy va “haqiqiy” mahsulotlarni tanlang. Avvalo, ishlab chiqarish jarayonida vitamin va ozuqa moddalarining ko‘p qismi olib tashlangan, ammo toksinlar va yashirin shakar bilan to‘ldirilgan qayta ishlangan mahsulotlardan saqlaning. Yarim tayyor mahsulotlar o‘rniga qoramol, baliq, parranda go‘shti, sabzavot, meva va yong‘oqlarni sotib oling. 

Taomni kamroq, ammo sekin tanavvul qiling. Kaloriyalarni cheklash hayotni uzaytirishi ilmiy jihatdan isbotlangan. Sekin ovqatlanish ozuqa moddalarining yaxshiroq so‘rilishiga va yaxshi hazm bo‘lishiga yordam beradi, shuningdek, immunitetni himoya qilish uchun juda muhim bo‘lgan ichak florasi muvozanatini ham ta’minlaydi.

Meva-sabzavotlar sog‘lom ovqatlanishning asosidir. Ular tanamizga qarishning ba’zi ta’siriga qarshi kurashadigan prebiotik va antioksidantlarni yetkazib beradi. Garchi ko‘pchilik meva-sabzavotlarning afzalliklari haqida yaxshi bilsa-da, odatda dasturxonimizda bunday ne’matlar yetarli bo‘lmaydi. Ularning o‘rniga ko‘proq stolimizda go‘sht yoki qayta ishlangan mahsulotlar turadi.

Ratsioningizda ko‘kat va ziravorlar ham bo‘lsin. Xushbo‘y ziravorlar antioksidant, ovqat hazm qilish, dezinfeksiyalash, glikatsiya hamda yallig‘lanishga qarshi kurashish va boshqa foydali xususiyatlarga ega. Ayniqsa zarchava (kurkuma), dolchin, rayhon, zanjabil, sarimsoq, bibariya (rozmarin), kashnich, kardamon, zira va xantal foydali. Ular nafaqat taomnomangizni xilma-xil qiladi, balki yoshlikni saqlashga yordam beradi.

Qoramol, baliq va parranda go‘shtini kamroq, lekin sifatlisini tanavvul qiling. Mustahkam salomatlik va tetiklik uchun har kilogramm vaznga atigi 0,8-1 gramm hayvon oqsili kerak. Umuman olganda, bu kuniga bir marta qoramol, baliq yoki parranda go‘shti yeyish degani. Asosiysi — tarkibida gormonlar va antibiotiklar bo‘lmagan sifatli mahsulotlarni topa olish. Qarishga qarshi parhezning asosiy ulushini o‘simlik mahsulotlari (sabzavotlar, donlar, yong‘oqlar) tashkil qilishi muhim, ularda ham oqsil mavjud.

Yosh ko‘rinish va o‘zingizni ancha baquvvat his qilish uchun nafaqat taomnomangizni muvozanatlashingiz, balki uyqu rejimini tartibga keltirishingiz, shuningdek, muntazam jismoniy faollikni ham odat qilishingiz zarur. Aks holda, hech qanday “yashartiruvchi olma” ish bermaydi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar