"2024−2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2024−2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha samaradorlikni oshirish uchun quyidagilar davlat kosmik monitoringining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
- yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi va bunday yer uchastkalarida bino va inshootlar qurilishi holatlarini aniqlash;
- o‘rmon bilan qoplangan maydonlarning chegaralarini belgilash va ularning holatini monitoring qilish;
- geologiya sohasida yer qa’ridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, foydali qazilmalar joylashgan maydonlardan asossiz ravishda va boshqa maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash;
- mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish holatlarini, yangi paydo bo‘lgan noqonuniy chiqindi zonalarini aniqlash;
- suv omborlarining loyqa oqiziqlar bilan to‘lib borishini, suv sathi rejimini monitoring qilish;
- qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanilishini o‘rganish, ekinlarning turlari hamda suv iste’moli hajmlarini aniqlash.
2025 yil 1 martdan yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha masofaviy monitoring va risk-tahlil "Geomonitoring" axborot tizimi hamda SGM platformasi orqali amalga oshiriladi.
Kosmik monitoring
Hududlarni kosmik monitoringi yerdagi o‘zgarishlarni Yerni masofadan kuzatish turlari orqali doimiy ravishda Yerni masofadan zondlash uchun mo‘ljallangan yerdagi va havodagi uskunalari orqali kosmosdan kuzatib borish (change detection) imkoniyatini beradi.
Bundan tashqari obyekt va hududlardagi o‘zgarishlarning nazorati va Yerni masofadan zondlash natijasida Yer yuzasida sodir bo‘layotgan hodisalarni o‘z vaqtida aniqlab ularni tahlil qilish mumkin bo‘ladi. Kosmik monitoring esa kosmik apparatlardan yer yuzasining holati to‘g‘risida muntazam ma’lumot olishdir.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va kosmik monitoring turli sohalarda, jumladan, davlat, mintaqaviy va shahar rejalashtirish va boshqarishda tobora ko‘proq foydalanilmoqda. Kosmik monitoring ulkan hududlarda va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlardan yer usti tadqiqotlari bilan deyarli erishib bo‘lmaydigan ma’lumotlarni olish imkonini beradi.