AsosiyJamiyat

Til - millatning bebaho boyligi

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yer yuzi aholisi yetti mingga yaqin til va lahjada so‘zlashadi. Ulardan ikki mingga yaqini yo‘qolib ketish arafasida turibdi.

'Til - millatning bebaho boyligi'ning rasmi

Til har bir millatning o‘ziga xos  belgisi, ulkan va betakror boyligi, ajdodlarning  bebaho merosidir. Shu bois ham  “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, “Til bilgan el biladi” singari naqllarda bir olam ma’no bor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yer yuzi aholisi yetti mingga yaqin til va lahjada so‘zlashadi. Ulardan ikki mingga yaqini yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Sayyoramiz ahlining to‘qson foizdan ko‘prog‘i yetmishta tilda gaplashadi. Shu  tillarning har birida besh milliondan ortiq kishi gaplashsa,   har birida yigirma milliondan ortiq odam gaplashadigan tillarning umumiy soni qirqqa bormaydi. Yer yuzida o‘zbekcha gaplashadiganlarning umumiy nufusi 50 milliondan oshadi va shu tilda so‘zlovchilar soni bo‘yicha dunyoda 26-o‘rinda turadi.

Yana bir qiziqarli raqam: Yer yuzida minglab til va lahjalar mavjud bo‘lgani holda atigi yuzga yaqin til davlat tili maqomiga ega. Demak, biz ham  ona tilimiz  ana shu yuzlikdan o‘rin olgani bilan faxrlanishga haqlimiz. Bu tilda mamlakatimizdan tashqarida ham millionlab  kishilar so‘zlashadi. Turli mamlakatlarda o‘zbek tilida kitoblar, gazeta va jurnallar nashr etiladi, tele- va radioeshittirishlar efirga uzatiladi. Ayni paytda tilimiz internet tarmog‘ida, axborot texnologiyalarida,  hatto sun’iy ong loyihalarida  ham faol qo‘llanilmoqda. 

Ayni paytda  dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili va adabiyoti alohida fan sifatida o‘rgatilmoqda. Internet tarmog‘ida o‘zbek tilidagi saytlarning tobora ko‘payib borayotgani tilimizning virtual odamdagi mavqei ham oshib borayotganidan dalolatdir. Dunyoning istalgan nuqtasida internet tizimidagi o‘zbekcha veb-saytlardan foydalanish mumkin. 

O‘tmishda ham  ulug‘ ajdodlarimiz tilimiz ravnaqi, uning qadr-qimmati uchun doimo kurashganlar, bu yo‘lda ne-ne buyuk ishlarni amalga oshirmaganlar. Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Boborahim Mashrab singari buyuk so‘z san’atkorlari tilimizda go‘zal va betakror nazm durdonalarini yaratib, uning umrboqiyligini ta’minlab ketganlar. 

Nazm mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy “Lisonut-tayr” dostonida  bitganlarki: 

Turk nazmida chu men tortib qalam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.
  
Darhaqiqat, ulug‘ bobomiz turkiy - o‘zbek tilida nodir asarlar yaratib, butun elni yagona til, yagona qalam ostida birlashtira olgan edilar. Ul zot “Muhokamatul-lug‘atayn” asarida ham tilimizning naqadar boy va serqirra, nafis va serjilo ekanligini, hech bir tildan kam emasligini isbotlab berganlar.
  
Sobiq tuzum, totalitar mafkura zamonida milliy qadriyatlarimiz, boy tarixiy merosimiz, ma’naviyatimiz tazyiq ostida bo‘lib keldi. Ammo, hali istibdod kishanlari parchalanmagan bir paytda mamlakatimizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi katta jasorat namunasi, xalqimizning ma’naviy hayotidagi muhim voqea bo‘ldi. 
  
O‘ttiz besh yil tarixan qisqa vaqt. Ammo,   bir qonunning kuchga kirishi, unda belgilangan qoidalar va ko‘rsatmalarning hayotga joriy etish uchun yetarli muddat. O‘tgan davr mobaynida joylarda mzkur tarixiy qonun ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Bu boradagi ishlarni istalgancha tahlil etish,  ko‘plab misollar keltirish mumkin. 

Darhaqiqat, rasmiy idoralarda ish asosan davlat tilida yuritilmoqda. Davlat hokimiyati, mahalliy hokimliklar  va boshqaruv organlarining  hujjatlari davlat tilida qabul qilinmoqda. Ayni vaqtda mamlakatimiz hududida yashovchi millat va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda bo‘lish ta’minlanmoqda, ularni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda. 
  
Ammo, hamma joyda ham mazkur qonun talablari to‘laqonli bajarilmoqda, deb bo‘lmaydi.  Garchi bu haqda bir necha yillardan beri tinmay yozilayotgan, gapirilayotgan bo‘lsa-da, ayrim idoralarda hali-hanuz ish yuritish tartibi sobiq tuzum paytidagi dilgir holatlarni yodga soladi. 
  
Davlat tiliga e’tibor, uning mavqei nafaqat me’yoriy hujjatlarda, rasmiy idoralarda, balki ko‘cha-kuydagi bitiklar, lavhalar, turli e’lonlarda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ko‘cha-kuylarda, transport vositalarida, ayniqsa metro vagonlari, simyog‘och va maxsus ustunlardan joy olgan e’lonlarda tilimizga hurmatsizlik yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Shu o‘rinda faqat tegishli muassasalar, mutasaddilar emas, oddiy fuqarolarimizning davlat tiliga hurmatsizligini ko‘rsatadagina istagancha misollar topiladi. Xususan ota-onalar uchun farzangdlarini rus va boshqa tillardagi bog‘cha va maktablarga, oliy ta’lim maskanlarining ruh guruhlariga o‘qishga kiritish tobora urfga aylanib bormoqda. Ota-onalar orasida bolasining rus va ingliz tilida gapirishi, o‘zbek tilini tushunmasligi bidlan maqtanish holatlariga ham ko‘p guvoh bo‘lyapman. Shaxsan o‘zim ko‘pincha o‘g‘il-qizlari bilan ruscha muloqot qilayotgan ota-onalarni ko‘plab kuzataman. Hatto o‘zi ruschada ismini to‘g‘ri aytolmaydigan ayrim hamyurtlarimiz bolasini Yoqa ushlaysan kishi. Baraka topkur, bolang boshqa tilni ona tilingdan ko‘ra yaxshiroq gapirgani bilan u boshqaning bolasi, boshqa millat vakili bo‘lib qolmaydi. Bunday holatlarda farzandlar o‘z tiliga, shu orqali o‘z ota-onasi, millati, milliy mentalitetiga befarq kayfiyatda voyaga yetishlari ko‘p bor kuzatilgan. 

Poytaxtdagi jamoat transporti vositalarida ilingan peshlavhalarni o‘qib, ta’bingiz xira tortadi. Nahotki,  haydovchilaru, mutasaddi shaxslar   «SAMPI», «Selxoz», «Severovostok»,  «Alayskiy»,  «Kuylyuk», «Kara-kamish»,  «Farxadskiy», «Risoviy», «Parkentskiy», «Ippodrom»,  «Zoopark»,  «Skver»,  «Lunacharskiy», «Akademgorodok» va hokazo «toponimlar»ning o‘zbekchasiga aytish va yozish haqida o‘ylab ko‘rishmasa? Bir kishiga  xuddi shu savolni bergandik, antiqa javobni oldik: «Bularni o‘zbekchasiga yozsak, ko‘pchilik tushunmaydi...»
  
Kino, televideniye, radio, matbuot va internet  nashrlari tilning asosiy targ‘ibotchilari sanaladi. Binobarin, suxandonlar, boshlovchilar, kinorejissyorlar va boshqa tegishli sohalar vakillari o‘zbek tiliga hurmat bilan yondoshishlari, adabiy til me’yorlariga rioya etishlari shart. Taassufki, ko‘p hollarda buning aksiga guvoh bo‘lamiz. 
  
Ayrim yosh xonandalarning o‘zbek tilida ikki kalima gapni eplab gapirolmasligi, yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek bolalayotgan «qo‘shiq»larda o‘zbekcha so‘zlarni ajnabiy luqmalarga qo‘shib yamlanayotgani, ko‘plab «kassabop» filmlar va seriallarda, bloger, vayner, treyder, balo-battarlarning nutqidagi   qorishiq so‘z va jumlalar, shevaga xos, ko‘cha bezorilari tilida urf bo‘lgan beparda so‘zlardan «unumli» foydalanilayotgani ham aslida tilga nisbatan hurmatsizlikdan boshqa narsa emas. 
  
Kezi kelganda yana bir mulohazani aytib o‘taylik. Ba’zi hollarda turli bosva elektron nashrlarda ham til me’yorlari qo‘pol ravishda buzilayotgan, ayrim atamalarning o‘zbekona shakli mavjud bo‘lgani holda boshqa tillardagi muqobilidan foydalanilayotgan holatlar uchramoqda. Ommaviy axborot vositalarida tez-tez tilga olinayotgan Marokko, Aljir, Yemen, Kuveyt (yoki Quvayt), Siriya, Izrail, Katar, Baxreyn singari jo‘g‘rofiy atamalar o‘zbek tilida Marokash, Jazoir, Yaman, Kuvayt, Suriya, Isroil, Qatar, Bahrayn tarzida yozlishi va aytilishini ba’zi  hamkasblarimizga eslatib qo‘yish joiz ko‘rinadi. 
  
O‘zbek tili fasohati, qamrovi, imkoniyatlari, boyligi  jihatidan dunyodagi har qanday til bilan bellasha oladi. Ayrim xorijiy tillarda birgina so‘z bilan ifodalash mumkin bo‘lgan so‘zlarning o‘zbek tilida to‘rt, besh va undan ko‘p ma’nodoshlarini topish mumkin. 
  
O‘zbek tili   xalqimizning eng aziz va bemisl  boyligidir. Uni  asrab-avaylamog‘imiz, ko‘z qorachig‘idek asramog‘imiz, kelgusi nasllarga ham yetkazmog‘imiz ham farz, ham qarz. Bu yo‘lda bizga davlat tili haqidagi qonun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. 
                   

 Rustam Jabborov

    Boshqa yangiliklar