AsosiyJamiyat

Prezident ijtimoiy himoya va bolalarni zo‘ravonlikdan himoyalash bo‘yicha yangi takliflar bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlarni kengaytirish hamda bolalar xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslarni ko‘rib chiqdi.

'Prezident ijtimoiy himoya va bolalarni zo‘ravonlikdan himoyalash bo‘yicha yangi takliflar bilan tanishdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Xususan, kambag‘al va kambag‘allik xavfi ostidagi oilalarni aniqlish, ularga ko‘rsatiladigan yordam va xizmatlarni yagona tizim asosida tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, hozirgacha 1,8 million oilaning ijtimoiy holati baholanib, 739 ming oila reestrga kiritilgan.

Endilikda Ijtimoiy himoya yagona reestri va Kambag‘al oilalar reestri negizida yangi Ijtimoiy reestr yuritilib, oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatiga qarab toifalarga ajratiladi va har biriga mos yordam ko‘rsatiladi.

Hududlarda ehtiyojmand aholiga kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatish uchun 2026–2027 yillarda 20 ta hududiy ijtimoiy xizmatlar markazini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, prezidentga 2026–2030 yillarda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan strategiya taqdim etildi.

U bolalar uchun xavfsiz muhit yaratish, xavf ostidagi bolalarni erta aniqlish hamda jabrlangan bolalarga kompleks ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. Davlat rahbari usbu vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha mutasaddidlarga topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar