O‘zbekistonning JSTga a’zoligi yaqin 5-7 yil ichida YAIM qo‘shimcha 17 foizga o‘sishiga yordam berishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Vashington shahrida Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasining yillik yig‘ilishi doirasida Jahon banki, Jahon savdo tashkiloti va Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘li: islohotlar va global integratsiya” mavzusida yuqori darajali davra suhbatida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi doirasida amalga oshirayotgan muhim islohotlari, shuningdek ko‘p-tomonlama savdo tizimi va global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga qo‘shilish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va strategik islohotlarga hamda JSTga a’zolik ushbu tub o‘zgarishlarning ajralmas bir qismi ekanligiga urg‘u berib, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar va ularga erishish rejalari bilan tanishtirdi.
Yakunda davra suhbati ishtirokchilari islohotlar va integratsiya yo‘lidagi salmoqli muvaffaqiyatlarni qayd etib, 2026 yilda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonini yakunlash maqsadida hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini qayd etishdi.
Xizmatlar sohasini rivojlantirish, ayniqsa, dengizga chiqa olmaydigan O‘zbekiston kabi davlatlar uchun o‘ta muhimligiga alohida urg‘u berildi.
Qozog‘iston sobiq vaziri va bosh muzokarachisi, hozirda Savdo va integratsiya vazirining maslahatchisi Janar Aitjanova Qozog‘istonning JSTga a’zo bo‘lishining ijobiy natijalarini to‘g‘risidagi tajribasi bilan bo‘lishdi.
Xususan, J.Aitjanova xizmatlar sohasida savdo taqchilligi sezilarli darajada qisqargani, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar 70 foizdan ko‘proqqa oshgani, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solishning samarali tizimi yaratilgani xalqaro bozorlarda Qozog‘iston milliy mahsulotlarining sifati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilganini ta’kidladi. U JSTga a’zo bo‘lishga tayyorgarlik jarayonida amalga oshirilgan islohotlar uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va mamlakat eksport salohiyatini kengaytirish uchun asos bo‘lganini ta’kidladi.
Yakunda davra suhbati ishtirokchilari islohotlar va integratsiya yo‘lidagi salmoqli muvaffaqiyatlarni qayd etib, 2026 yilda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonini yakunlash maqsadida hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini qayd etishdi.
Iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, shaffoflikni oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sish va investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan davlat islohotlarini davom ettirishda barcha hamkorlar O‘zbekistonni to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ta’kidlashdi.