Bundan 8 yil avval, ya’ni 2016 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (JK)ning qator moddalariga asosan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi tomonidan e’lon qilingan hukmga asoslangan maqola nashrimizda chop etilgan edi.
Maqolada Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining hukmiga ko‘ra, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasiga qarashli “Chirchiq” TIF bojxona posti sobiq mansabdoriga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (JK)ning qator moddalariga asosan qo‘yilgan ayblov va 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingani haqida yoritilgan. U mansab vakolatini suiiste’mol qilish orqali jinoyat sodir etganlikda ayblangan edi...
Mana, oradan 8 yil o‘tib, “Chirchiq” TIF bojxona posti sobiq mansabdori, qolaversa, aybsiz “aybdor”ga aylangan Mansur Madrahimovning hayotidagi dog‘ “yuvildi”.
Qonunchilik talablariga ko‘ra, har qanday qilmishdan qat’i nazar, shaxsning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda sud tomonidan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan belgilanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi belgilangan.
Shaxsni aybdor deb topishga faqat sud vakolatli. Bu esa aybsizlik prezumpsiyasining oltin qoidalaridan biridir. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi tomonidan 2016 yil 4 iyulda chiqarilgan hukmning “Chirchiq” TIF bojxona posti boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi lavozimida ishlagan Mansur Madrahimovga oid qismi bilan bog‘liq sud jarayonlari, ya’ni unga nisbatan qo‘yilgan ayblov va belgilangan jazo choralari takror-takror turli bosqichlarda ko‘rilib, uning aybsizligi va oqlash haqidagi adolatli qaror qabul qilingani ham ayni shu tamoyillarga asoslangan, deyish mumkin.
BIR NЕCHA XODIMLARGA NISBATAN AYBLOV E’LON QILINGAN
Ish hujjatlarida keltirilishicha, 2015 yil 8 iyun kuni “Chirchiq” TIF bojxona postida bojxona ko‘rigi inspektori X.H. tomonidan bojxona ko‘rigidan o‘tkazilib rasmiylashtirilgan 2 ta vagonga yuklangan tovarlar shu post xodimlari va boshqa organ xodimlari ishtirokida qayta tekshiruvdan o‘tkazilganda, yuk hujjatlarida ko‘rsatilmagan ortiqcha yuklangan jami qiymati 1 mlrd. 300 mln.ga teng bo‘lgan 63 tonna tovarlar borligi aniqlangan va qonuniy rasmiylashtirilgan. Ammo mazkur holat yuzasidan rasmiylashtirilgan jinoiy ish materiallari sobiq MXX Tergov boshqarmasi tomonidan tergov uchun olingan. 2015 yil 29 sentyabrda M.Madrahimov boshchiligida post xodimlari Z.Islamov, O.To‘laganov, B.Masharipov, R.Mirahmedovlar ham hech qanday asossiz hibsga olingan. Tergov hibsxonasida barcha xodimlarga jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazilib, post boshlig‘i M.Madrahimovga qarshi ko‘rsatma yozdirishgan. Bu orqali tergovchilar M.Madrahimovni ham bojxona boshqarmasi boshlig‘iga qarshi yolg‘on ko‘rsatma berishga undashgan. Ammo M.Madrahimov barcha tazyiqlarga bardosh berib, unga qo‘yilgan ayblovlarni inkor etgan va adolat qaror topishiga ishongan. Ammo o‘sha paytlar katta vakolatga ega bo‘lgan tergovchi agar u bilan hamkorlik qilmasa, jazoning kattasini olishini, prokuror ham, sudya ham o‘zi ekanligini, qamalishi yoki chiqishini ham u belgilashini aytib M.Madrahimovga tazyiq o‘tkazgan. Tergov va sud jarayonlari 1 yil davom etib, afsuski, natija tergovchi xohlaganidek bo‘lib chiqdi. Ya’ni 8 yil avval Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2016 yil 4 iyuldagi hukmiga asosan Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining bir necha xodimlariga nisbatan ayblov e’lon qilinib, jazo choralari belgilangan. Jumladan, “Chirchiq” TIF bojxona posti boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi lavozimida ishlagan M.Madrahimovga ham, garchi M.Madrahimov sudda ham barcha ayblovlarni inkor etib, aybsizligini qonuniy isbotlasa ham, hattoki qoralovchi prokuror 12 yil jazo so‘raganiga qaramasdan, sudya unga nisbatan mansab vakolatini suiiste’mol qilish orqali post inspektorlari bilan eksport qilinayotgan mahsulotlarni to‘siqsiz bojxona tekshiruvi va rasmiylashtiruvidan o‘tkazish evaziga eksport qilinayotgan mahsulotlarning turi va miqdoridan kelib chiqib, pora talab qilganlik kabi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi JK 182-moddasi 2-qismi “a, v, g”, 209-moddasi 2-qismi “a, b”, 210-moddasi 3-qismi “a, b”, 25, 210-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan ayblov e’lon qilib, eng katta jazo, ya’ni 13 yil ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasini belgilab hukm chiqargan.
ADOLAT TANTANASI
Bu sud ishida keltirilgan voqealarga 9 yil bo‘ldi. M.Madrahimov hatto mazkur ayblov uchun sud hukmiga ko‘ra tayinlangan jazo sabab umrining qariyb 6 yili (5 yil 8 oy 4 kun)ni panjara ortida o‘tkazdi.
M.Madrahimov noqonuniy jazo muddatini o‘tab chiqqach, sudlarga murojaatlarini davom ettirdi va natija bo‘lmagach, Oliy sud raisi B.Islamov qabuliga kirib, boshidan o‘tkazganlarini, noqonuniy qamalganligini va natijada salkam 6 yil umri qamoqda o‘tganligini, eng achinarlisi, uni o‘qitib katta qilgan onasi u qamalib tergov hibsxonasida saqlanayotgan paytda bu isnodga chiday olmay olamdan o‘tganligini so‘zlab berdi. Natijada nafaqat o‘zi, balki barcha oila a’zolari qiynaldi, turmush o‘rtog‘i yagona boquvchisidan ayrilib, 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan yolg‘iz qoldi. Oliy sud raisi barchasini eshitib, ushbu holatni shaxsan o‘zi nazoratga olishini va’da berdi. Shundan so‘ng, Oliy sud raisi o‘rinbosari I.Muslimov tomonidan kiritilgan protest natijasida M.Madrahimov boshchiligida qamalgan bojxona organlari xodimlariga qo‘yilgan ayblov bekor qilinib, jinoiy ish qaytadan ko‘rib chiqish uchun yuborildi.
M.Madrahimovning urinishlari zoye ketmadi va adolat qaror topdi. Ya’ni unga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar qayta ko‘rib chiqilib, 2023 yilning 30 noyabr kungi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi hukmi hamda 2024 yil 17 maydagi Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi hukmiga asosan aybsizligi isbotlandi va 9 yil davomida aybsiz “aybdor”ga aylangan M.Madrahimov oqlanib, reabilitatsiya qilindi. Bu esa adolat tantanasidir.
Natijada M.Madrahimovga noqonuniy qamalganligi natijasida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar davlat tomonidan qoplanib, yo‘qotilgan barcha huquqlarini tiklash, jumladan, ishga tiklash bo‘yicha sudlarga murojaat qilishi mumkinligi tushuntirildi. M.Madrahimov oqlangach, uning qo‘l ostidagi xodimlari Z.Islamov, O.To‘laganov, R.Mirahmedov, B.Masharipovlar ham oqlandi.
M.Madrahimov adolatni qaror toptirishda unga yordam bergan Oliy sud raisi B.Islamov, Oliy sud raisi o‘rinbosari I.Muslimov hamda oqlov hukmini chiqarishda qatnashgan barcha odil sudyalardan minnatdor. Buning barchasi hozirgi kunda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan odilona siyosat va sudlarga bo‘lgan ishonch natijasidir.