AsosiyJamiyat

Surxondaryoda avtomaktablarga litsenziya berish to‘xtab qolgani bo‘yicha YHXXga  senator so‘rovi yuborildi

Viloyat fuqarolari imtihon topshirish uchun Qashqadaryoga borishga majbur bo‘lmoqda.

'Surxondaryoda avtomaktablarga litsenziya berish to‘xtab qolgani bo‘yicha YHXXga  senator so‘rovi yuborildi'ning rasmi

2023 yil 6 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga asosan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyalash vakolati Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazildi.

Ushbu Qonun bilan haydovchilarni tayyorlovchi ta’lim subyektlariga litsenziya berish va ularning faoliyatini nazorat qilishning yagona tizimi yaratildi.

Biroq ishlar barcha hududlarda ham tizimli yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli sohada o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalar ham mavjud.

Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyalash vakolati Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilgan bo‘lsada, bugungi kunga qadar Surxondaryo viloyatidagi birorta avtomaktab faoliyati litsenziyalanmagan.

Qayd etish lozimki, haydovchilarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyalash vakolati Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilguniga qadar Surxondaryo viloyati bo‘yicha litsenziya olib, faoliyat yuritgan tadbirkorlik subyektlari soni 48 tani tashkil etgan. Ular tomonidan faqatgina 2023 yilning o‘zida 18 641 nafar haydovchilar tayyorlangan. Bugungi kunda esa Ichki ishlar vazirligi tomonidan litsenziya berish masalasi hal qilinmayotganligi sababli haydovchilarni tayyorlash ishlari amalga oshirilmayapti.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati hududida joylashgan avtomototransport vositalarini boshqarish uchun nomzodlardan imtihon olish avtodromlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 may kunidagi 272-sonli qarori hamda Ichki ishlar vazirligining 2024 yil 18 yanvardagi 27-son buyrug‘i talablariga muvofiq kelmaganligi sababli nomzodlarni imtihonlardan o‘tkazish ishlari to‘xtatilgan.

Buning oqibatida ilgari avtomaktablarda o‘qigan yoki haydovchilik guvohnomasini olish uchun qayta imtihon topshirishi lozim bo‘lgan fuqarolar imtihonlarni topshirish uchun Qashqadaryo viloyatiga borishga majbur bo‘lmoqda. Bu holat fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Bu kabi holatlar qabul qilingan qonunlarning ijrosini ta’minlashda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan yetarli e’tibor qaratilmayotganligidan dalolat berib, avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rishni taqozo etadi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi tomonidan  transport vositalari haydovchilarini tayyorlovchi hamda qayta tayyorlovchi avtomaktablar faoliyatini litsenziyalash, Surxondaryo viloyatida joylashgan imtihon olish avtodromi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bolalarda yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha yetarli ko‘nikmalarni shakllantirish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish maqsadida olib borilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining rejalari yuzasidan joriy yilning 14 yanvariga qadar asoslantirilgan tushuntirishlar berish bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi.

Senator so‘rovi natijalari Senat rasmiy saytida e’lon qilinadi.

    Boshqa yangiliklar