AsosiyJamiyat

O‘zbekistonda 1 yanvardan qanday o‘zgarishlar kuchga kirdi?

Tadbirkorlar uchun ayrim ma’muriy javobgarliklar bekor qilindi, hokimliklarga yangi vakolatlar berildi.

'O‘zbekistonda 1 yanvardan qanday o‘zgarishlar kuchga kirdi?'ning rasmi

O‘zbekiston qonunchiligida 2025 yil 1 yanvardan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi. Quyida ushbu sanadan kuchga kiradigan asosiy o‘zgarishlarni taqdim etildi.

Hokimliklarga yangi vakolatlar berildi

Tuman (shahar)lar hokimliklariga quyidagi yo‘nalishlarda ma’muriy vakolatlar berildi.

  • davlat boshqaruvi organlari va tadbirkorlar o‘rtasida “doimiy aloqa” tizimini yaratish maqsadida tuman (shahar)larda Tadbirkorlar jamoatchilik kengashini tuzish;
  • 2025 yil 1 yanvardan belgilangan vazirlik va idoralarning tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlarini mas’ul vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, shuningdek, tegishli mas’ullarga rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish;
  • 2025 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvargacha belgilangan ro‘yxat bo‘yicha tuman (shahar)larda huquqiy eksperiment tariqasida tuman (shahar) hokimligi faoliyatini “Aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” yangicha yondashuvi asosida tashkil etish.

Toshkentda avtobus va metroda naqd pul shakldagi yo‘lkira narxi oshdi

Poytaxt jamoat transporti yo‘nalishlarida (avtobus va metropoliten) bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif – 3 000 so‘m etib belgilandi. Bunda to‘lov elektron to‘lov tizimi (transport yoki bank kartasi) orqali amalga oshirilganda hozirgidek o‘zgarishsiz qoladi — 1 700 so‘m. Barcha avtobuslar salonida yo‘lkira haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi. Naqd pul orqali avtobuslarda harakatlanish uchun Toshkent shahridagi bekatlarda va ular yaqinida o‘rnatilgan barcha to‘lov qurilmalari ya’ni, Paynet, MultiPay va Oson infokioskalari orqali bir martalik QR-kodli chipta xarid qilish kerak bo‘ladi.

Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi oshiriladi

“Madaniyat va san’at, axborot-kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar ish haqi miqdorlarini oshirish to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi 2025 yil 1 yanvardan boshlab 20 foizga oshiriladi.

Ayrim pedagoglarga qo‘shimcha ustama to‘lanadi

2025 yil 1 yanvardan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan va ushbu fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi. 

Kambag‘al oilalar farzandlari davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilinadi

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish doirasida kambag‘al oilalar farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinadi.

Chiqindidan qarzdorlik bo‘yicha ogohlantirilgandan keyin to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti uchinchi bosqichi kuchga kirdi

Prezident farmoni bilan bu amaliyotni uch boqichda joriy etish belgilandi:

  • 1-bosqichda Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 2024 yil 1 iyundan 6 oylik qarzdorlik uchun;
  • 2-bosqichda – respublikaning barcha hududlarida 2024 yil 1 noyabrdan 3 oylik qarzdorlik uchun;
  • 3-bosqichda respublikaning barcha hududlarida 2025 yil 1 yanvardan 1 oylik qarzdorlik uchun.

“2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi

Qonun 2025 yil uchun O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi. Unda xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolingan. 

QQS va foyda solig‘i stavkalari oshirilmaydi

“Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, 2028 yilga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i stavkalari oshirilmasligi belgilandi.

Shuningdek, 2025 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yo‘nalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun foyda solig‘i va o‘zlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari 1 foiz etib belgilandi. 

Ayrim yer uchastkalari bo‘yicha soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi

Yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilish tarzidagi imtiyozni bekor qilgan holda, mazkur yer uchastkalari bo‘yicha soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

Yo‘lovchilarni yagona tariflar bo‘yicha tashish xizmatlarini ko‘rsatish aylanmasi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari yagona ishtirokchisi hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan tovarlar va xizmatlar uchun QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilindi. 

Umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytirildi

2028 yil 1 yanvargacha umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytirildi. Shuningdek, umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga 2028 yil 1 yanvargacha har oyning 25 sanasiga qadar to‘langan QQSning bir qismini quyidagi miqdorlarda respublika budjetidan qaytarish tizimi joriy etiladi:

Oylik tovar aylanmasining naqd pulsiz qismi:

  • 60 foizdan oshgan umumiy ovqatlanish korxonalariga – budjetga to‘langan QQSning 40 foizi;
  • 60 foizdan kam umumiy ovqatlanish korxonalariga – budjetga to‘langan QQSning 20 foizi;
  • turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga – budjetga to‘langan QQSning 20 foizi.

Tadbirkorlar uchun ayrim ma’muriy javobgarliklar bekor qilindi

2025 yil 1 yanvardan quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilindi:

  • fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish;
  • majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish;
  • xodimlar sonini yashirish.

Jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilindi. 

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilaning a’zosi ishga joylashganda ijtimoiy soliq 1 foiz stavkada to‘lanadi

Kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashganda, o‘zini o‘zi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettiriladi.

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada to‘lanadi.

Kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash, o‘z tomorqasidan samarali foydalanish (ekin ekish), oila a’zolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi hamda sog‘lig‘ini nazoratga olishi, uy-joyini ozoda tutishi kabi shartlar inobatga olingan holda ko‘rsatiladi. 

Meva-sabzavot yetishtiruvchilarni baholash tizimi joriy etiladi

Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosilli bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, ular o‘rnida intensiv bog‘ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazish to‘g‘risida xulosani qabul qiluvchi tuman (shahar) komissiyasi tomonidan iqtisodiy jihatdan samarasiz va kam hosilli bog‘ va tokzorlar deb xulosa berilgan sanadan boshlab 12 oy davomida yangi bog‘ yoki tokzorlar barpo etilmagan taqdirda ushbu bog‘ va tokzorlar joylashgan maydonlar uchun yer solig‘i 3 baravarga oshiriladi.

Tashabbuskorlar yangi bog‘larni barpo etishda o‘z ehtiyojlari uchun xorijiy davlatlardan belgilangan ro‘yxatdagi payvandtagli mevali ko‘chatlar va payvandtaglar, payvandustlari, onalik materiallari va texnikalarni import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojlaridan ozod etiladi. 

Bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etildi

Internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etildi.

Lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlar va bukmekerlikni tashkil etish faoliyatlari qonunchilikka muvofiq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiradi.

Shuningdek, 5 yil muddatga lotereya hamda internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi belgilandi:

  • lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatidan yoki bukmekerlik faoliyatidan olingan jami daromadidan to‘langan yutuqlar va qaytarilgan stavkalar chegirilgan holda 4 foiz stavkasida aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari hisoblanadi;
  • jismoniy shaxslarning litsenziyalar asosida o‘tkaziladigan lotereyalar hamda internet tarmog‘idagi o‘yinlardan va bukmekerlik garovidan olingan yutuqlar sifatidagi daromadlari daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.

Sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish taqiqlandi

Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati ham tasdiqlangan. Ro‘yxatga, xususan, yo‘lbars, sher, gepard, yaguar va ularning barcha kenja turlari, gorilla, shimpanze, yirik bo‘g‘ma ilonlar oilasiga mansub barcha turlar, otlarning barcha turlari (xonaki otlar bundan mustasno) kiritildi. 

Uy qamog‘idagi shaxslar uchun elektron braslet joriy etiladi

2025 yil 1 yanvardan boshlab uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan hamda ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarning ehtiyot chorasi va jazoni ijro etish joyida bo‘lishini real vaqt rejimida masofadan turib nazorat qilish tartibi amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etiladi. 

Milliy vaqt shkalasi joriy etiladi

O‘zbekiston milliy vaqt shkalasi (UTC UZ) joriy etiladi. Undan O‘zbekistonning aniq vaqti sifatida foydalaniladi. 

    Boshqa yangiliklar