AsosiyJamiyat

Havoda chang to‘planishi nafaqat Toshkentda, balki dunyoning ko‘plab davlatlarida uchramoqda

Yer yuzining markaziy qismida joylashgan ko‘plab mamlakatlarda cho‘llashish jarayoni davom etmoqda.

'Havoda chang to‘planishi nafaqat Toshkentda, balki dunyoning ko‘plab davlatlarida uchramoqda'ning rasmi

Bugun iqlim o‘zgarishi sababli havoda chang massalarining to‘planishi nafaqat Toshkentda, balki Markaziy Osiyo mintaqasi va dunyoning ko‘plab davlatlarida uchramoqda. Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, iqlimshunos-ekspert Erkin Abdulahatov bu borada o‘z fikr va tavsiyalarini berib o‘tdi, deya xabar qilmoqda Ekologiya vazirligi. 

Mutaxassisning fikricha, yer yuzining markaziy qismida joylashgan ko‘plab mamlakatlar, Afrikaning shimoliy qismidan Xitoygacha bo‘lgan hududda joylashgan davlatlarda cho‘llashish jarayoni davom etmoqda va bu havoda chang massalari ko‘payishiga olib kelmoqda 

PM2,5 — havodagi qattiq zarrachalar yoki shu kabi zarrachalarning suv bug‘i bilan birikishidan hosil bo‘lgan birikma bo‘lib, diametri 2,5 mikrometrgacha bo‘ladi (soch tolasidan 30 barobar kichik). PM "Particulate Matter" birikmasining qisqartmasi bo‘lib, "zarra moddalari" degan ma’noni bildiradi. 2,5 esa mikrometr kattalikdagi o‘lchov soni hisoblanadi. Havoni ifloslantiruvchi boshqa mayda zarrachalar ham bo‘lib, ularning kattaligiga qarab PM1, PM10 va PM100 kabi zarrachalar ustida kuzatuv va ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.

E. Abdulahatovga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan standart asosida mezonlar ishlab chiqiladi, bu yil davomida 5 mkg/m(3), sutkalik 15 mkg/m(3)ga teng. Bu ko‘rsatkichlar biror-bir davlatning milliy standartlarida aks etmagan, chunki "Air Quality Index" platformasi qarorlar, tavsiyalar ishlab chiqish uchun yetarli platforma hisoblanmaydi, faqatgina ilmiy tadqiqot institutlariga har bir davlatning o‘z milliy standartlari borligi va ularni solishtirib, reytinglarni shakllantirish qiyin bo‘lganligi sababli 5 mkg/m(3) qiymat asosida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan ma’lumot asosida shaharlar reytingini shakllantirish uchun qulay bo‘lgan qiymat hisoblanadi. 

2024 yilda Ekologiya vazirligi, Gidrometeorologiya agentligi va Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan chuqur tadqiqotlar asosida O‘zbekistonning milliy standartlari ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, havo ifloslanishining me’yori yillik 35 mkg/m(3), sutkalik 60 mkg/m(3) deya belgilandi.  

"Taqqoslash uchun, dunyodagi hech bir davlatning standarti JSSTniki bilan teng emas. Hattoki Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ham o‘z milliy standartlarini ishlab chiqqan. 2023–2024-yillarda Ekologiya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan milliy standartlarimiz asosida "Air Monitoring Tashkent" platformasi ishlab chiqilgan. Mazkur platforma orqali Toshkent shahridagi hududlar kesimida ma’lumotlar har soatda yangilab boriladi va ishonchli manba hisoblanadi", — deydi iqlimshunos-ekspert.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, havo ifloslanishida "shamol guli" degan tushuncha bor, ya’ni atmosfera ifloslanishida shamol muhim rol o‘ynaydi. Dengizbo‘yi davlatlarida yil bo‘yi shamol oqimi yuqori bo‘lganligi sababli chang zarrachalari havoda muallaq to‘planib qolmaydi. Toshkentda esa 1950–1980-yillarda shamol shimoliy-sharqdan kirib kelgan va shaharda aylanib, "shamol guli"ni hosil qilgan. 1990-2020 yillarda esa "shamol guli" o‘zgardi, ya’ni shamol oqimining kirib kelishi va shamol harakati kamaygani sababli Toshkent chang zarrachalari havoda muallaq to‘planib qoladigan hududga aylandi. 

"Toshkentda o‘tgan asrda shamol tezligi 1,7 metr/sekundga, 1981–2010 yillarda esa 1,4 metr/sekundga teng bo‘lgan. So‘nggi 5 yillikda esa 1,3 metr/sekundga tushib ketgan. Toshkentning tog‘lar bilan o‘ralganligi ham shamol harakatiga to‘sqinlik qiladi. Bundan tashqari, poytaxtda tartibsiz qurilayotgan baland binolar ham shamolning harakatlanishiga xalal bermoqda. Bu esa poytaxtda chang zarrachalarining muallaq turib qolishi va havoning ifloslanish darajasi ortishiga olib kelmoqda", — deydi E.Abdulahatov.

 Biz yashillik deganda, odatda, daraxtlarni tushunamiz. Lekin aslida yashilllikka gazonlar va daraxt aralash butalar ham kiradi.

 "2016 yilga nisbatan 2023 yilda qurilish maydonlari 2 barobarga ko‘paygan va natijada yashil maydonlar ikki barobar kamaygan. Ya’ni daraxtlarga qaraganda yashil gazonlar keskin kamayib ketgan", — deydi mutaxassis.

Erkin Abdulahatov "Issiqlik oroli" tushunchasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. 

"Toshkentda 2016 yildan keyin haroratning keskin ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Bu esa tabiiyki ko‘p qurilish bo‘layotgan va yashillik darajasi kamaygan hududlarda harorat yuqori darajada saqlanib turishiga olib kelmoqda. Bu esa Toshkentda "issiqlik oroli" tushunchasini keltirib chiqarmoqda", — dedi mutaxassis.

Iqlimshunos Toshkent shahri atmosferasiga avtomobillar hamda og‘ir va yengil sanoat korxonalaridan chiqayotgan zararli tashlamalar ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

    Boshqa yangiliklar