Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi. Ma'lum qilinishicha, voqea joriy yilning 21 noyabr kuni soat 23:50 lar atrofida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani “Fayzobod” MFY hududidan o'tuvchi xalqaro ahamiyatga ega bo'lgan M-39 “Toshkent-Termiz” yo‘lining 989 kmda sodir bo‘lgan.
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida istiqomat qiluvchi 2003 yilda tug‘ilgan haydovchi ISUZU rusumli yuk avtomashinasi Samarqand yo‘nalishida joylashgan avtomashinalarga gaz quyish shoxobchasidan chiqayotgan vaqtida ushbu qismda o‘rnatilgan 2.4 “Yo‘l bering” va 4.1.2 “Harakatlanish o‘nga” yo‘l belgisi talablariga bo‘yunmasdan, belgilanmagan joydan Toshkent yo‘nalishiga burilish uchun yo‘lni qatnov qismiga chiqqan vaqtida Toshkent-Samarqand yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida yashagan 2002 yilda tug‘ilgan haydovchi Lacetti rusumli avtomashinasi bilan to‘qnashishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Yong‘in ortidan Lacetti rusumli avtomashinaning dvigatel qismidan yong‘in kelib chiqib, avtomashina to‘liq yongan.
Ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida Lacetti rusumli avtomashina haydovchisi hamda transport vositasi salonida bo‘lgan 4 nafar yo‘lovchilar turli tan jarohatlari bilan voqea joyida halok bo‘lgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) uchinchi qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






