AsosiySalomatlik

Eshitishda nuqsoni bo‘lgan chaqaloqlar qanday davolanadi?

Chaqaloq hayotining dastlabki 3 yilida turli tovushlarni o‘rganib, "tili" chiqa boshlaydi. Agar bola bu jarayonda muammoga duch kelsa, so‘zlarni tushunish va takrorlashda qiyinchiliklar tug‘iladi.

'Eshitishda nuqsoni bo‘lgan chaqaloqlar qanday davolanadi?'ning rasmi

Tadqiqotlarga ko‘ra, 3 va 4-darajali eshitish qobiliyatini yo‘qotgan, erta bosqichda eshitish moslamasi o‘rnatilgan chaqaloqlar sog‘lom tengdoshlaridan rivojlanish jihatidan unchalik farq qilmasligi aniqlangan, deya xabar bermoqda SSV Matbuot xizmati.

Agar eshitishni korreksiya qilish 6 oylikdan keyin amalga oshirilsa, bunday bolalar nutqi rivojlanishi sezilarli darajada kechikadi. Shuning uchun yangi tug‘ilgan chaqaloqning eshitish qobiliyatini o‘z vaqtida tekshirish va davolashga kirishish muhim.

 Audioskrining chaqaloq tug‘ilganining 3-kuni o‘tkaziladi. Bunda eshitish faoliyati buzilishiga shubha tug‘ilsa, skriningning ikkinchi bosqichi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida o‘tkazilib, unda ham eshitish zaifligi aniqlansa, go‘dak Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yo‘llanma bilan yuboriladi.

 — Uch oyga to‘lganida, chaqaloq Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkaziladi va bunda ham eshitish zaifligi tasdiqlansa, davlat hisobidan 3 oydan 6 oylikkacha bolaning quloqlariga raqamli eshitish moslamalari taqib qo‘yiladi, — deydi mazkur markaz direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Azamat Razakov. — To‘qqiz oylikdan bir yoshgacha bo‘lgan davrda bola eshitish moslamalari bilan ta’minlangan holda koxlear implantatsiya amaliyoti uchun tayyorlanadi.  

 Ushbu holatlarda chaqaloqlar normal eshita oladigan tengdoshlaridan rivojlanish jihatidan farq qilmaydi.

Yurtimizda 2024 yilda 500 ming nafarga yaqin yangi tug‘ilgan o‘g‘il-qizlarda audioskrining o‘tkazilib, ulardan 325 nafarida eshitish nuqsoni aniqlangan, bu kichkintoylar hozir reabilitatsiya va davolash bosqichlarini o‘tamoqda.

 Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand viloyatlari filiallari maxsus tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanib, ularda 2025 yilda koxlear implantatsiya amaliyotini bajarish to‘liq yo‘lga qo‘yilyapti.

 Ma’lumot uchun: Koxlear implantatsiya operatsiyalari ikki tomonlama sensonerval eshitish zaifligining 3 va 4-darajalari qayd etilgan yoki karlik mavjud bo‘lgan shaxslarning eshitish qobiliyatini ichki quloqqa stimul berish orqali tiklash maqsadida o‘tkaziladi. Amaliyot bola 5 yoshga to‘lgunga qadar bajarilganda, ko‘proq ijobiy natija beradi.

 Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga xarid qilingan implantantlar 5 yoshga to‘lmagan o‘g‘il-qizlarga bepul taqdim etilib, operatsiya va yndan keyingi reabilitatsiya tadbirlari ham bepul amalga oshiriladi. 

Reabilitatsiya jarayoni har bir bola uchun individual ishlab chiqiladi va unga amal qilish uchun ota-ona, ularning o‘rnini bosuvchilar mas’ul hisoblanadi. 

Bemorlarning koxlear implantatsiya operatsiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlarida ishtirokini monitoring qilish maqsadida ikki hafta ichida markaz tomonidan o‘g‘il-qizlarning doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) tibbiyot birlashmasiga amaliyot o‘tkazilganligi haqida xabar beriladi. 

Bemor bolalar koxlear implantatsiya operatsiyasi o‘tkazilgan kundan boshlab to‘rt hafta ichida nutq protsessorini ishga tushirish uchun markazga olib kelinadi. Bu qurilma markazning audiolog mutaxassislari tomonidan ishga tushiriladi. 

Amaliyot bajarilgan bolalarda 7 yildan so‘ng eshitish protsessori davlat mablag‘lari hisobiga almashtirib beriladi.

    Boshqa yangiliklar