Ukraina delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga 10-12 mart kunlari Amerika tomoni bilan muzokaralar o‘tkazish uchun yetib boradi.
Saudiya Arabistonida shu hafta o‘tadigan muzokaralar chog‘ida Ukraina AQSHni razvedka va harbiy yordamni tiklashga ishontirishga harakat qiladi. Shuningdek, Oq uy rahbari Donald Trampni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urushni tez fursatda to‘xtatishni xohlashiga ishontirishga intiladi. Bu haqda Financial Times noma’lum manbalarga tayanib xabar bergan.
Nashr manbalariga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi muzokaralarga tayyorgarlikdan boxabar shaxslar Kiyevning Rossiya bilan qisman o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Bu taklif dron va raketa hujumlari, shuningdek, Qora dengizdagi harbiy harakatlarga tegishli bo‘lib, muzokaralardagi ijobiy ilgari siljish Vashingtonni razvedka ma’lumotlari almashinuvi va qurol yetkazib berishni muzlatib qo‘yish to‘g‘risidagi qaroridan voz kechishga undaydi, deb umid qilinmoqda.
Ukraina muzokarachilari dushanba, 10 mart kuni Saudiya Arabistoniga yo‘l oladi. Financial Times manbalariga ko‘ra, AQSH yordamisiz o‘tgan dastlabki kunlar natijasida ukrain qo‘shinlari o‘tgan yili Qursk viloyatida egallagan hududlardan chekingan.
Ukrainalik bir amaldorning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev yaqin muddatda AQSH bilan aloqalarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratadi. Ikki yevropalik amaldor esa Kiyev muzokaralardagi ilgari siljishni harbiy va razvedka yordamini tiklash uchun quid pro quo ("xizmatga xizmat") deb ko‘rayotganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 10-12 mart kunlari Saudiya Arabistonida Amerika va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga bu muhim diplomatik haftaga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy muzokaralardan samarali natijalar kutayotganini qayd etdi: "Bu nafaqat tinchlikka erishish, balki qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish masalasiga ham taalluqli".
Reuters agentligining ma’lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi muzokaralarda AQSH delegatsiyasi Ukraina Rossiya bilan tinchlik uchun jiddiy yo‘lga qadam tashlashga tayyormi-yo‘qmi, shuni aniqlashga harakat qiladi.
Shu bilan birga, amerikalik rasmiylar Kiyevning Tramp ma’muriyati bilan munosabatlarni yaxshilashga qanchalik jiddiy yondashganini baholashmoqchi.
Abdulloh Sayyid