Fotiha to`yi... Qiz tomonning roziligini olgan quda bo`lmishlar tog`ora-tog`ora noz-ne`matu sarpo-curuqni ko`tarib, qiznikiga kelishdi. Patir sindirishdi, ikki yoshning baxtini tilashdi. Nonning orasiga shirinliklar qo`yib, qo`ni-qo`shni, xeshu aqrabolarga ulashildi, qiz va yigitning boshi bog`langani ma`lum qilindi.
To`y kuniga ham sanoqli kunlar qoldi. Kattayu kichik xotin-xalaj nikohga qaysi ko`ylakni kiyib borsam ekan, deb bosh qotirayotgan bir paytda fotiha buzilgani haqidagi gap-so`zlar oralab qoldi. Ana endi mish-mishlar, shivir-shivirlar ko`paydi, qiz tomonning ham, yigit tomonning ham uy telefoni jiringlagani-jiringlagan. Qiz yig`lagan, yigit alamda...
Keling, ushbu mavzuni munosabatlar ko`zgusida tahlil qilamiz.
Fotiha kuni buzilgan fotiha...
Mavluda, 48 yosh (yigitning onasi): – To`ng`ich o`g`limga mos qizni topguncha rosa bo`larim-bo`ldi. Menga yoqqani unga, uning ko`ngliga manzuri bizning oilaga to`g`ri kelmasdi.
Bir kuni bozorda istarali bir ayol chiroylikkina qizi bilan ko`ylak sotib olayotganini ko`rib qoldim. Qiz menga yoqdi. Xullas, o`sha erning o`zidayoq qizning onasi bilan gaplashib, niyatimni aytdim. Sovchilikka bordik, yoshlar uchrashishdi, bir-birlarini yoqtirib ham qolishdi. Mamnun kayfiyatda to`y boshladik. Fotiha kuni belgilandi, eng yaqin qarindoshlarim bilan ularnikiga bordik. Bir payt shamollagani chiqqan qaynegachim sekin kelib qulog`imga shipshidi: “Kelinning Daun kasali bilan tug`ilgan opasi bor ekan, buni bilarmidingiz?”
Ko`nglim g`ash tortdi, birozdan keyin qudam yonimga kelib o`tirdi va shunday dedi: “Bilasizmi, ko`p marta aytmoqchi bo`ldim, lekin qizimning baxtini o`ylab, ortga suraverdim. Nargiza ikkinchi qizim, birinchi qizim tug`ma nogiron...”
O`sha kuni patir sindirmadik, uyga qaytdik... Menimcha, bolasining kelajagini o`ylagan har qanday ayol ham shu qarorga kelgan bo`lardi...
Farog`at, 52 yosh (qizning onasi): – Qizim chiroyli bo`lgani uchun eshigimizdan sovchi arimaydi, lekin kimga birinchi qizimiz kasal ekanini aytsak, ertasi kuni qaytib kelmaydi. Oxiri shu gapni aytmaslikka qaror qildik, 24 yoshga kirgan qizimni o`ziga yoqqan yigitga uzatmoqchi bo`ldik. Tushungan odamlar-ku, deb o`yladik. Kelgan mehmonlar el-yurtga sharmandamizni chiqarib, ketib qolishdi. Qizim o`sha kuni uyqu dori ichmoqchi bo`ldi, otasi ichib keldi, hamma narsani urib sindirdi...
Ko`zgu nima deydi? Farog`at opani ayblash qiyin. To`g`ri, yolg`on gapirmaslik kerak edi, deb maslahatni tamom qilish mumkin. Biroq, qadam bosishdan avval yo`lning tekis-ravonligini tekshirmagan odamning ham aybi bor. Mavluda opa... nima uchun Mavluda opa bunchalik shoshildi? Fotihadan avval surishtirish bejiz o`ylab topilmagan. Qo`ni-qo`shni, mahalla, hamkasblar, o`zaro tanish-bilishlarning biri bo`lmasa, boshqasi, albatta, oiladagi ahvoldan boxabar etgan bo`lardi va vaziyat chigallashmasdi, ko`ngillar sinmasdi. Va Mavluda opa avvalroq o`sha kasallikning tagiga etganida Daun sindromi genlardagi mutasiya bo`lgani bilan suyak surmasligini, bunda ota-onaning sog`lig`i, turmush sharoiti, zararli odatlarining umuman ahamiyati yo`qligini bilgan bo`lardi.
Qizning sevgani, yigitning “yurgan”i bor!
Mastuba, 44 yosh (qizning onasi): – Qizim institutga kirganidan buyon uyimizda sovchi kutamiz. Lekin bolam kursdoshiga ko`ngil qo`yib, hammaga “yo`q” javobini beraverdi. O`sha yigitga qattiq bog`lanib qolgani bizni o`ylantirardi. Diplom himoyasi payti yigitning onasi sovchi bo`lib keldi. Uyga kirgan zahotiyoq bizni yoqtirmasligini ochiq-oydin izhor qildi: “O`g`lim menga qarshi chiqayapti, qizingiz o`zini undan olib qochsin”, dedi. Men qizimni shu yigit olishiga aniq ishonib, otasini ham ko`ndirib o`tirgandim. Juda jahlimiz chiqdi, qizim ham alamdanmi yoki bizni tushunibmi, rozilik berdi, uni boshqa bir yigitga unashtirib qo`ydik. To`yga ikki hafta qolganida esa uyga yig`lab keldi. Bo`lajak kuyov uni kursdosh yigit bilan yuzlashtiribdi: “Butun institut birga yurganlaringni bilarkan, dadangga ayt, hamma xarajatlarni qoplasin, qaytib turqingni ko`rmay”, deb janjal qilibdi.
Qudalarga telefon qilib, tushuntirmoqchi bo`ldim, lekin ular eshitishni ham xohlashmadi. Surishtirsam, ishxonasidagi bir qizni yaxshi ko`rib qolib, bo`lajak kuyovning o`zi ham rosa gap-so`z bo`lgan ekan, shuni aytsammikin, quda tomonga? Kursdoshi esa: “Sendan boshqasiga uylanmayman, hammaga yo`q, deyaver, onamni ko`ndiraman”, debdi. Nima qilay, fotihasi qaytgan qizim ikki o`rtada baxtsiz bo`lib qolaveradimi, endi?
Karima, 45 yosh (kursdosh yigitning onasi): – O`g`lim shu qiz bilan apoq-chapoq bo`lganini bilib, o`tib ketar, deb o`yladim. Qiz tushmagur to`rt yil davomida o`g`limning bo`yniga bo`yinturuq ilib, barcha muammolarini unga hal qildirdi. Keyin bilsam, to`rt yil davomida faqat o`g`limni emas, o`sha qizni ham qo`shib boqibmiz.
Sovchi bo`lib borsam, qizning onasi “O`g`lingiz qizimga undoq olib bergan, bundoq qilib bergan”, deb yosh boladek maqtanib o`tiribdi. Yolg`izgina o`g`lim bor, unga ma`nili xonadon qizini olib bergim keladi. Qizning onasi esa institutda o`qimagan, undan ter hidi anqib turadi, eri bilan urishaverar ekan. Nima bo`lganda ham, o`sha oilaning, onaning qizi...
Mohira, 47 yosh (bo`lajak kuyovning onasi): – O`zim ham hayron bo`lgandim, nega to`yga bu qadar tez rozilik berishdi, deb. O`g`lim ham anoyi emas, qizni obdon tekshiribdi, internetdagi sahifasini topibdi, odob doirasidan chiqib yozgan gaplari bor ekan, o`sha yigit bilan tushgan suratlari ham turibdi, o`zim ko`rdim. Ming ko`ndirishga urinsak ham o`g`lim fotihani qaytaring, yurgan qiz kerak emas, dedi.
Ko`zgu nima deydi? Mastuba va qizining aybi ko`proq ekanligi ko`rinib turibdi, dersiz. Echimi yo`qdek tuyulayotgan bu holatga oson chora bor: yoshlarni o`z holiga qo`yish. Agar Karima “Shu qizga uylanmaysan”, deyaversa yigit battar o`chakishadi. Agar Mastuba bariga qizining sevgani va uning onasini aybdor qilaversa, hatto keyinchalik to`y bo`lganida ham munosabatlar xavfli tus oladi. Mohira esa o`g`lining ko`ngliga qo`l solib ko`rsin, balki ishxonasidagi qiz haqidagi gaplar mish-mish emasdir. Kimdir bilan gaplashgan qizga “bilmay qolib” uylangandan ko`ra, o`zi “bilgan”i bilan yashagani yaxshi emasmi? Kalavaning ipini chigallashtirgan yoshlarning o`zi uning uchini topishi mumkin.
Har qanday vaziyatda ham fotiha buzilishi yoshlar hayotida sezilarli iz qoldiradi. Shunisi ham borki, hali chimildiq ko`rmagan qiz bir kun o`zi orzu qilgandek baxtga etishishi aniq. To`ydan keyin attang degandan ko`ra, ungacha muammolarni bilgan ma`qul. Bo`lmaydigani boshidan ma`lum, hech kuyinmang. Fotihani o`yin biladiganlarga esa aytar so`zimiz shu: fotiha nikohga yo`l ochadigan, ilohiy rishtalarni bog`laydigan duo, shuni aslo unutmang!
Aziza QURBONOVA