AsosiySalomatlik

Endilikda patronaj hamshiralari bemorlarni uyida reabilitatsiya qiladi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyo bo‘ylab taxminan 2,4 milliard inson reabilitatsiya qilinishi kerak bo‘lgan patologik xastaliklardan aziyat chekmoqda.

'Endilikda patronaj hamshiralari bemorlarni uyida reabilitatsiya qiladi'ning rasmi

Tibbiyotdagi yangiliklar va aholi demografiyasidagi o‘zgarishlar tufayli yaqin yillarda jahonda reabilitatsiyaga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortishi kutilyapti. O‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining uzayishi natijasida 2050 yilga kelib, 60 yoshdan kattalar soni ikki baravar ortishi taxmin qilinmoqda. Bu haqida SSV Matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, ayni paytda diabet, insult, saraton kabi surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar ham ko‘payib boryapti. Shu bilan birga, bolalarda jarohatlar va rivojlanish buzilishlari (masalan, serebral falaj) holatlari yuqoriligicha qolmoqda.

Ushbu patologik sharoitlar insonning funksional imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va nogironlik darajasining oshishiga olib kelishi mumkin. Bu esa reabilitatsiyaning naqadar muhim ekanligini isbotlaydi.

Shularni hisobga olgan holda hamda davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining Qashqadaryo viloyatidagi oilaviy shifokorlar va patronaj hamshiralarining “Uyda reabilitatsiya qilish” bo‘yicha malakasini oshirishni tashkil etishga doir buyrug‘i qabul qilindi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, dastlab Qarshi va Shahrisabz shaharlari, Koson, Kitob hamda Yakkabog‘ tumanlarida reabilitatsiya bo‘yicha Qashqadaryo tajribasini yaratishga kirishildi. Bunda shifokorlar va patronaj hamshiralari uchun bir oylik o‘quv dasturi ishlab chiqildi.

Hozirgi kunda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida yuqorida aytilgan hududlardan 30 nafar pedagog, shifokor va hamshira murabbiy sifatida tayyorlanmoqda. Keyinchalik ushbu mutaxassislar tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi patronaj hamshiralarining malakasi oshiriladi. 

 Shunday qilib, joriy yil aprel-noyabr oyilarida qariyb, 1,8 ming nafardan ziyod tibbiyot xodimlai aholini uyda reabilitatsiya qilishga o‘rgatiladi.

Seminarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni xalqaro tajriba asosida reabilitatsiya qilishning yangi tajribasini yaratish, bu borada istiqboldagi dolzarb vazifalarlarga to‘xtalib, ishtirokchilarga keng tushunchalar berilmoqda. Ayniqsa, o‘quv jarayonlariga AQSHning Sirakuz (Syracuse) universiteti tadqiqotchisi Mirjahon Turdiyevning taklif qilingani e’tiborga molik.

Mashg‘ulotlarda muloqot va psixologik yondashuv, uy muhitini reabilitatsiya uchun moslashtirish, o‘zgalar yordamiga muhtoj insonlarning sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish, nogironligi bo‘lgan bolalar, jarrohlik operatsiyalarini boshdan kechirgan bemorlarni uyda parvarishlash, onkologik, endokrin, kardiologik va pulmonologik kasalliklarga chalinganlarni reabilitatsiya qilish kabi mavzular qamrab olingan.

 Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, xastalik turidan kelib chiqib, aholiga uy sharoitida bajara oladigan oddiy mashqlarni o‘rgatish orqali minglab odamlar sog‘lig‘ini tiklash mumkin. 

Shuningdek, shifokor va hamshiralar tomonidan olib borilgan reabilitatsiya ishlarining samarasi nogironligi bo‘lgan fuqarolarning harakati, muloqoti, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatishidagi o‘zgarishlarga qarab baholab boriladi. Natijaga erishgan tibbiyot xodimlariga esa ustama beriladi.

Kelgusida har bir viloyat, tuman shifoxonasida reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi, 12 ta nogironlik reabilitatsiya markazida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovi 5 karra oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 7 ta tibbiyot oliygohida reabilitatsiya kafedralari ochilib, professor-o‘qituvchilar Koreya tajribasi asosida qayta o‘qitiladi. Respublika reabilitatsiya markaziga Koreya va Yaponiyadan ekspertlar taklif qilinib, mahalliy mutaxassislar malakasi oshiriladi.

    Boshqa yangiliklar