Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 aprel kuni hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqida Prezident matbuot xizmati ma’lum qiladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizning turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3 milliard 500 million dollarga yetdi, bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi.
Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanayapti. Xususan, o‘tgan 8 yilda 6 milliard 500 million dollar sarmoya kiritilib, 130 mingta mehmon o‘rni ochilgan.
Bugungi kunda 20 ta turizm qishlog‘i faoliyat yuritayapti. Parkent tumanining “Oltin bel” cho‘qqisida xalqaro darajadagi yangi tog‘-chang‘i zonasi barpo etilayapti.
Aslida, yurtimiz tarixi, madaniyati va tabiatiga asoslanib, sayyohlarni yana 2-3 karra ko‘paytirish mumkin. Lekin ayrim hududlarda yo‘l va transport noqulayligi, ko‘ngilochar joylar va qiziqarli dasturlar yetishmasligi kabi kamchiliklar bor.
Shu bois yig‘ilishda joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, turizm yo‘nalishlarini ko‘paytirish, sayyohlarga sharoitlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Masalan, Sariosiyo tumanining asosiy qismi tog‘lardan iborat bo‘lib, qishki turizm uchun katta salohiyat mavjud. U yerda dor yo‘li, mehmonxona va savdo-servis xizmatlari sohasida 200 million dollarlik loyihalar qilsa bo‘ladi. Chortoq tumani ham go‘zal tabiati, shifobaxsh suvi bilan mashhur.
Mutasaddilarga shu kabi 36 ta tuman va shaharni etno, gastronomik, tibbiy, ekstremal, madaniy-tarixiy, ziyorat, qishki va agroturizm asosida rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Bugungi kunda “BBC”, “Euronews” kabi nufuzli telekanallarda, 20 dan ortiq xalqaro ko‘rgazmalarda O‘zbekistonga sayohat keng targ‘ib qilinmoqda. Viza tartiblari soddalashtirilyapti, zamonaviy samolyotlar olib kelinyapti.
Endi bu imkoniyatlardan foydalanib, sohadagi salohiyatli bozorlardan sayyohlarni jalb qilish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ayni paytda Milliy turizm yagona platformasi ishlab chiqilmoqda. Endi unga elektron viza berish, chipta olish jarayonlari ham ulanadi. Shuningdek, barcha tarixiy obidalarga kirish imkonini beradigan “yagona turistik karta” joriy qilinadi.
So‘nggi yillarda ichki turizmga e’tibor kuchaygani uchun mahalliy sayyohlar soni 23 millionga yetdi. Lekin haligacha boshqa viloyatlarga sayohatga bormaganlar ko‘p topiladi.
Shu bois endi har oyning bir shanba-yakshanbasi “oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni”, deb e’lon qilinadi. Yoshlar o‘rtasidagi musobaqa g‘oliblariga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat yo‘llanmasi sovg‘a qilinadi.