Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar, faksimile nusxalar, maket va mulyajlar bilan boyitish masalalari boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish, ekspozitsiyaning ilmiy va innovatsion loyihalariga bagʻishlangan Ilmiy kengashning navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Uchrashuv qizgʻin bahs-munozaralar, keskin tanqidiy munosabatlar va tahliliy fikrlarga boy boʻldi.
Uchrashuv avvalida Markaz rahbari, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov ayni paytdagi jarayonlar, soʻnggi bir oy ichidagi oʻzgarishlar, amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yil 29-yanvarda Prezident Shavkat Mirziyoyev Markazga tashrif buyurib ekspozitsiyalar bilan tanishish davomida ajdodlarimizning dunyo tamadduniga qoʻshgan hissasini keng miqyosda koʻrsatib berish, yoshlarimizning ana shu buyuk tarixiy merosga sadoqat ruhida tarbiyalash, kelgusida bu noyob zamonaviy maskanda turli ilmiy muhokamalar, bahs-munozaralar oʻtkazish, dolzarb gʻoya va kashfiyotlarni ilgari surish, yangi ilmiy kontentlar ishlab chiqish uchun barcha sharoitlar yaratilishi, uning maʼno-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish boʻyicha bergan zarur koʻrsatmalaridan kelib chiqib, markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish masalalariga katta eʼtibor qaratilyapti.
Shuningdek, joriy yil 11-martda Bosh vazir ishtirokida oʻtkazilgan Vasiylik kengashi yigʻilishida belgilangan vazifalar boʻyicha soʻnggi bir oy ichida 500 ga yaqin mahalliy olimlar jalb qilingan. “Qurʼoni karim zali, Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, Birinchi Renessans davri, Ikkinchi Renessans va oʻzbek xonliklari davri; “Yangi Oʻzbekiston – Yangi renessans” singari boʻlimlar uchun 800 dan ziyod loyihalar ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar uchun 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar birgalikda ish olib borishi kerakligi qayd etildi. Ayni paytda dastlabki bosqich boshlangan, unda 400 dan ortiq loyihalar ustida Ilmiy kengash aʼzolari bilan maslahatlashgan holda ishlar jadal olib borilyapti.
Bugungi kunga qadar 9 ta yoʻnalish boʻyicha 12-marta Ilmiy kengashning kengaytirilgan yigʻilishi oʻtkazildi. Respublika boʻylab 40 ga yaqin kichik ishchi guruhlar tomonidan soʻnggi bir oyning oʻzida 50 ga yaqin muhokamalar boʻlib oʻtdi.
Markaz kontentini boyitish doirasida tashkil etilayotgan 5 ta asosiy koʻrgazma zallarda ilmiy-innovatsion loyihalardan tashqari artefaktlar, qoʻlyozmalar, mulyajlarga ham alohida eʼtibor qaratilyapti.
Oʻtgan oyning oʻzida Frederik Bressan (Fransiya), Sergey Laptev (Yaponiya), Irina Osmanova (Rossiya) kabi bir qator xorijiy mutaxassislar ishtirokida respublika boʻyicha oʻnga yaqin muzeylardan artefaktlar tanlab olishga erishildi. Bu hali yetarli emas. Shu nuqtayi nazardan xorijiy muzeylar, kutubxonalarga murojaat qilinyapti.Markaz ochilishiga dunyoning 50 dan ortiq muzey va kutubxonalar ishtiroki rejalashtitrilgan.
Yigʻilishda markazda Restavratsiya boʻlimi tashkil etilishi yuzasidan Rossiya Davlat Ermitaji muzeyining boʻlim boshligʻi Igor Malkiyel va muzey vakili Irina Guruleva taqdimot qilishdi. Taqdimot davomida Rossiya Davlat Ermitaji muzeyida saqlanayotgan Oʻzbekiston madaniyati va tarixiga oid eksponatlarni markaz ekspozitsiyasiga olib kelish va shu bilan birga Markazda maxsus yirik laboratoriya tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Yigʻilishda qayd etilishicha, Markazda alohida aynan Restavratsiya boʻlimi ochilishi juda muhim, chunki Oʻzbekistonda koʻplab arxeologik ekspeditsiyalar oʻtkazilmoqda va ulardan olingan ashyolarni aynan shu restavratsiya markazida tiklash imkoniyati paydo boʻladi.
Maʼlumot uchun qayd etish kerakki, Ermitajning laboratoriyalarni tashkil etishda yuz yildan ortiq tajribasi bor. Rossiya Davlat Ermitaji muzeyining restavratsiya imkoniyatlari juda yuqori boʻlib, dunyoda eng soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlangan, yaʼni nanotexnologiyadan foydalaniladigan laboratoriya hisoblanadi.
Rossiya Davlat Ermitaji muzeyining boʻlim boshligʻi Igor Malkiyel oʻz faoliyati davomida dunyoning turli mamlakatlarida restavratsiya-konservatsiya laboratoriyasini tashkil etishda bevosita ishtirok etgan boʻlib, zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etishda juda katta tajribaga ega mutaxassisdir.
Shuningdek, dunyodagi nufuzli "1001 kashfiyot" media-loyihasi direktori va prodyuseri Ahmad Salim (Buyuk Britaniya) bolalar uchun maxsus intellektual maydoncha tashkil etish boʻyicha oʻz loyihasini taqdim qildi. Uning taʼkidlashicha, mazkur maydoncha bolalarga allomalarning hayoti va merosi bilan yaqindan tanishish, virtual muloqot qilish imkoniyatini yaratadi.
Ahmad Salim direktori va prodyuserligidagi "1001 kashfiyot" media-loyihasi dunyoning 40 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritgan va bu ishlar hali ham davom etmoqda. Ushbu media-loyihaning koʻpgina koʻrgazmalari ochilishida bir necha oʻnlab davlat rahbarlari ishtirok etishgan. Shuningdek, Ahmad Salimning "1001 kashfiyot" media-loyihasi Buyuk Britaniya, BAA qirollari, Oʻmmon sultonining ham alohida eʼtiboriga tushgan.
Qayd etish kerakki, Davlatimiz rahbari Markazga tashriflari davomida yoshlar, bolalar uchun alohida sharoit yaratish haqida ham topshiriq bergan. Ana shu topshiriqlar ijrosi boʻyicha bu loyiha amalga oshirilmoqda. Unda madaniy merosimizni oʻrgatadigan xilma-xil innovatsion ekspozitsiyalar boʻlishi nazarda tutilmoqda. Markazda 800 kvadrat metr maydonga ega zal boʻlib, dunyodagi nufuzli "1001 kashfiyot" kompaniyasi direktori va prodyuseri Ahmad Salim jamoasi tomonidan unda bolalar uchun alohida ekspozitsiya tashkil etilishi jarayoni boshlab yuborilgan. Bu Markazga bolalari bilan tashrif buyurganlar uchun qulaylik yaratadi. Loyiha bolalarga muhim va zarur maʼlumotlar bilan innovatsion usulda tanishish imkonini beradi.
“Musulmon mamlakatlarida 40 dan ziyod loyihalarni amalga oshirganmiz. 500 mingdan ortiq bolalar biz tayyorlagan ekspozitsiyalardan bahramand boʻlgan. Oʻzbekistonda amalga oshiradigan bu loyiha – biz uchun alohida ahamiyatga ega”, – dedi Salim Ahmad
Shuningdek, bolalar uchun markazni tanishtiruvchi rangli kitoblar nashr etish, viloyatlardagi bolalar uchun koʻchma namoyishlarni tashkil etish rejalari haqida ham maʼlumot berildi. Bu loyiha 3 tilda – oʻzbek, ingliz va rus tillarida amalga oshiriladi.
Yigʻilish davomida ekspozitsiyani ilmiy va innovatsion jihatdan rivojlantirish boʻyicha belgilangan 9 ta yoʻnalish rahbarlari oʻz taqdimotlari orqali boʻlimlardagi yangiliklar va qoʻshimchalarni maʼlum qildilar.
1638 kvadrat metrga teng Qurʼoni karim zalida bu ilohiy kitobning 316 ta nodir nusxalari namoyish qilinadi. Unda xorijning turli muzeylarida saqlanadigan qimmatbaho, nodir Qurʼoni karim kitobining asl va koʻchirma nusxalari olib kelinadi. Eksponatlar ochiq namoyishga qoʻyiladi. Shuningdek, 2025-yil 19-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Saudiya Arabistonining Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon Rabia tomonidan topshirilgan Saudiya Podshohining hadyasi – muqaddas Kaʼba yopinchigʻi (Kisva)ning bir boʻlagi ham oʻrin oladi. Xorij muzeylari ham Muqaddas Kaʼba yopinchigʻlari(Kisva)ning qadimiy nusxalari bilan Markaz ochilish marosimida ishtirok etishi kutilmoqda.
Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari boʻlimi 5 ta kichik boʻlim (Qadimgi Xorazm, Soʻgʻd, Baqtriya, Choch va Qadimgi Fargʻona) sivilizatsiyalariga ajratilgan. Umumiy hisobda respublika muzeylaridan olinadigan artefaktlar 44 ta, Markaz fondida saqlanayotgan qoʻlyozma va asl nusxalar 37 ta, xorijiy muzeylardan olinadigan artefaktlar 39 tani tashkil etadi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ushbu boʻlimga qoʻshimcha jalb qilinadigan umumiy eksponatlar soni 200 dan oshadi. Boʻlim uchun masʼul Tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova ayni vaqtda boʻlimda ish jaryonlari qizgʻin davom etayotganini taʼkidladi:
– Ekspozitsiya ichida yana bir ekspozitsiya paydo boʻladi. Biz bu boʻyicha alohida yoʻl xaritasi ishlab chiqqanmiz. Boʻlimga kirgan kishi boy tariximiz, madaniyatimizdan xabardor boʻlib chiqishi kerak. Shu boʻyicha ishchi guruh tinmasdan, fidoyilik bilan shaxsiy jonbozligini koʻrsatmoqda. Biz qoʻshimcha izlanganimizda yana yangi va boʻlimga qoʻshishimiz kerak boʻlgan eksponatlar kelib chiqmoqda. Bu bizning tariximizning naqadar boy va ichiga kirgan sari yana yangiliklar kelib chiqishini isbotlamoqda, – dedi Jannat Ismoilova.
“Birinchi Renessans davri” guruh rahbari, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori Bahrom Abduxalimov kengash yigʻilishida maʼlum qilishicha, ekspozitsiyadagi noodatiy boʻlim boʻlishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, boʻlim bino ichida kichik bino koʻrinishida boʻladi.
–Markazni munosib tarzda ochib, xalqimizga topshirsak, zmmamizdagi masʼuliyatli vazifani uddalagan boʻlamiz. Biz olimlar ertayu kech shu haqida bosh qotiryapmiz. Boʻlimimizda jami 220 dan ortiq artefaktlar, 126 tadan ortiq loyihalar amalga oshirilishi rejalangan. Loyihalardan umidimiz katta. Boʻlimning shakli ham noodatiy, kirgan odam jozibador tariximizdan bahramand boʻlib chiqadi. Boʻlimdan kashfiyotlar, yangiliklar va yangi topilmalar doimiy joylashtirib borilishi imkoniyati boʻladi. Eksponatlarning mantiqiy almashinuvi ham yoʻlga qoʻyiladi, – dedi B. Abduhalimov.
“Ikkinchi Renessans” boʻlimi guruh rahbari, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev ham loyihalar boʻyicha taqdimot qildi. “Ikkinchi Renessans” boʻlimi ekspozitsiyasi 148 ta loyiha boʻyicha shaxslar kesimida 5 ta davrga boʻlinganini taʼkidladi. Amir Temur, Shohrux Mirzo, Mirzo Ulugʻbek, Culton Husayn Mirzo va Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur sektorlari shular jumlasidan.
Shulardan 304 tasi xorijda saqlanayotgan Temuriylarga oid ashyolar, 106 ta Oʻzbekistonda mavjud boʻlgan ashyolar umumiy soni kelajakda baza sifatida kiritiladi.
Mazkur boʻlim boʻyicha Kengash aʼzolari tomonidan binoning kirish qismiga Arkaga qisman oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar kiritildi. Shuningdek, yigʻilishda markazdagi rangtasvir sanʼatiga oid asarlar tahlili ham amalga oshirildi. Kengash aʼzolari tomonidan qator taklif va mulohazalar bildirildi. Oʻzbekiston xalq rassomi, akademik Bahodir Jalolov taʼkidiga koʻra ekspozitsiyaning har bir eksponatlarini shakli, joylashuvi ham nafis va goʻzal boʻlishi kerakligi haqida soʻz yuritdi.
Kengashning har yigʻilishida oʻzim uchun yangiliklar olaman. Markazni tashkil etish masalasi yuzasidan har bir yigʻinimiz juda masʼuliyatli tashkil etiladi. Ekspozitsiya uchun obrazlarni yaratishda olimlarning ham mana shunday qizgʻin muzokaralarni aks ettirgim keldi. Olimlar yigʻilgan joyda, albatta, bahs, munozara boʻladi. Bu xalqaro ekspertlar, hamkorlar tomonidan ham iliq kutib olindi. Mahalliy olimlar tomonidan turli fikr va munosabatlarni bildirib oʻtdi. Bularni asrarlarimda inobatga olishga harakat qilaman. Ulardan asosli fikrlar bildiryapti, – dedi Bahodir Jalolov.
Tarixiy shaxslar siymosi doim bahs va munozaralar markazida boʻlgan. Kengashning avvalgi yigʻilishlarida ham bu masala uzoq va davomsiz muhokama etilgan edi. Bu masalada Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, sanʼatshunos Akbar Hakimov Bahodir Jalolov asarlarini yuqori baholadi. U yaratgan asarlarida tarixiy haqiqat va tafakkur qilingan ijod mahsuli mavjudligi taʼkidlab oʻtdi.
Tarixchi boʻlgan voqeani qanday boʻlganini yozadi, rassom esa voqea qanaqa boʻlishi mumkin edi, deya unga ijodiy yondoshadi. Shuning uchun tarixiy shaxslarning siymolarini yaratishda ijodkorni erkin qoʻyaylik, ularning aniq ilmiy va tafakkuri asosida ijod qilishiga imkon beraylik. Uni inkor etmaslik kerak. Toʻgʻri, bunga jiddiy yondashishi kerak, lekin butun boshli asarni bitta soʻz bilan barbod qilib boʻlmaydi. Rassom salohiyatiga ishonish kerak, uni gʻoyalar bilan qoʻllash kerak, – dedi Akbar Hakimov.
Kengash yigʻilishida taʼkidlanishicha, joylardan nodir eksponatlar misqollab yigʻib olinadi. Xorijga safarlar uyushtirildi, ekspeditsiya davomida mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid 300 dan ortiq eksponatlar topildi. Bu albatta katta Markaz uchun kam. Noyabr oyida yurtimizda YUNESKO tomonidan mamlakatimizda nufuzli tadbir oʻtkazilishi rejalangan. Unda 400 dan ortiq eksponatlar Markazga taqdim etilishi rejalashtirilgan. Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan joylarga ekspeditsiya uyushtirilishi va hududlardagi uy muzeylari, madaniyat maskanlaridan eksponatlar Markaz uchun toʻplanishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, eksponatlar yashirin tarzda emas, ochiq holda xalqqa namoyish etilishi maʼlum qilindi. Eksponatlar yertoʻlalarda, yopiq muzeylarda emas ochiq, yorugʻ va zamonaviy ochiq binoda saqlanadi. Kengash aʼzolari tayyor kontentlarni albom tarzida masʼullarga taqdim etish va jaryonlarga kirishishni kelishib olishdi.